Ko‘ngillarga surur, iftixor bag‘ishlaydigan ulug‘ bayramimiz O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi tantanalaridan so‘ng, yoshlar intiqlik va ming bir hayajon ila kutgan yangi o‘quv yili ham boshlandi. O‘quvchi-yoshlarni o‘z bag‘riga chorlagan maktablarda ham bugun bayram shukuhi hukmron. Tayyorgarlik ishlari esa havas qilgulik darajada ekani ustozlarni shijoat ila ta’lim-tarbiya jarayoniga kirishishiga kuch va ilhom berayotgan bo‘lsa, ta’tilda miriqib dam olgan yoshlar yuz-ko‘zida o‘ziga bo‘lgan ishonch va ilmga tashnalikni sezish, kuzatish mumkin. Bugun, mamlakatimizning barcha hududlarida “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari jarangladi.
Xususan, viloyatimizdagi 966 ta maktabda ham “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Boshlangan o‘quv yilida viloyatimizdagi maktablarga 58 700 nafar bolajon 1-sinfga qabul qilinib, ularning barchasiga “Prezident sovg‘asi” yetkazildi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumanidagi 39-sonli maktabda o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etib, o‘qituvchi va murabbiylar, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini “Bilimlar kuni” — yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan, barchani mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligi shodiyonalari bilan muborakbod etdi. Shuningdek, maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan 94 nafar 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi”ni tantanali topshirdi. Maktab kutubxonasi uchun kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi.
Aytish kerakki, har yilgidek, 2024-yilda ham viloyatimizda ta’lim sifati va infratuzilmasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Investitsiya dasturi doirasida 58 ta, shundan, 3 ta yangi maktab qurildi, 7 ta maktabda mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi, 48 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Shu bilan birga, respublika byudjet mablag‘lari hisobidan 138 ta umuta’lim maktablari 2 346 dona zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida viloyatdagi 5 ta umumta’lim maktablari 106 dona kompyuter jamlanmalariga ega bo‘lishdi. 92 ta umumta’lim maktabi 3,2 milliard so‘m mablag‘ doirasida 154 dona zamonaviy elektron doskalar bilan ta’minlandi. Respublika byudjeti hisobidan viloyatimizdagi 948 ta maktablarga 7 turdagi musiqa anjomlari hamda 5 turdagi birlamchi sport jihozlari yetkazib berildi.
O‘quvchilarga 2 ta xorijiy tilni hamda bitta kasbni o‘rgatish amaliyotini joriy qilish bo‘yicha viloyatdagi har bir hududdan 1 tadan jami 15 ta maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 780 million so‘m ajratildi.
Yaratib berilayotgan e’tibor natijasida bu yil 384 nafar 11-sinf o‘quvchilari muddatidan oldin oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi. Umumta’lim maktabi bitiruvchilarining Oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi so‘nggi 5 yilda 12 foizdan 34 foizga oshishiga erishildi. Ta’lim tizimida erishgan yutuqlarimiz o‘zimizniki, bu boradagi ishlarni davom ettirgan holda hamda yangi o‘quv yilida ham maqsad va rejalarni katta olib o‘qish va ishlarini boshlagan ustoz va murabbiylar, o‘quvchi-yoshlardan kutilayotgan natijalar esa ularga katta mas’uliyat yuklashi aniq.
Sayyora ALLAYEVA