Yangidan qad rostlagan harbiy gospitalning yangi imkoniyatlari

Date:

Yo‘l chetida o‘tirgan bir sotuvchi choldan so‘rashibdi: “Otaxon, nos va sigaretdan qaysi birining kayfi yaxshiroq”. Shunda otaxon javob beribdi: “Hech qaysisiniki tinchlik va xotirjamlikning kayfiga yetmaydi, bolam”…
Darhaqiqat, tinchlik eng oliy ne’mat. Xotirjam yashashimiz, ta’lim olishimiz, oila davrasida vaqt o‘tkazib, munosib sharoitda ishlashimiz, bolajonlar labidagi kulgi, otaxon-u onaxonlar qalbidagi shukronalikning bari tinchlik va osudalik nishonasi, aslida. Biz tunda tinch uxlayotganimizda, ishga-o‘qishga bemalol, xotirjam borib qaytishimiz, baxtiyor turmush kechirayotgan bir paytimizda, kimdir chegarada sobit turib tinchligimiz, Vatanimiz mudofaasi uchun uyqusidan voz kechib, kezi kelsa, shirin jonini xatarga qo‘yib, xizmat vazifasini, yigitlik burchini o‘tayotgan bo‘ladi. Ana shunday zaxmatkash va fidoyi harbiy xizmatchilarimizni qancha e’zozlasak, ularni qo‘llab-quvvatlasak, shuncha kamdek, nazarimda.
Bugun Prezidentimiz tomonidan harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘ligini asrash, oila a’zolari uchun munosib turmush sharoiti yaratib berish borasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga tatbiq etilayotir. Termiz shahridagi Harbiy gospitalning foydalanishga topshirilishi esa ayni Mustaqillikning 33 yillik yubileyiga, harbiylarga, qolaversa, Surxon ahliga munosib tuhfa bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Gospitalning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov marosimda nutq so‘zlab, harbiylar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, mamlakat mudofaasini ta’minlash yo‘lida tinim bilmay xizmat qilayotgan soha xodimlarining sog‘ligi har narsadan ustun ekanligini ta’kidlab, ularning salomatligini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan tizimli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Harbiy xizmatchilarga harbiy infrastruktura, zamonaviy shart-sharoit yaratish, ijtimoiy himoyasini ta’minlash, harbiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bugungi kunning ustuvor vazifasi ekanligi ham qayd etildi.
O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Markaziy harbiy gospital ham yaqindagina qayta qurilganligi, shuningdek, viloyat markazida ham markazdagidan qolishmaydigan, harbiy gospital qurib foydalanishga topshirilishi negizida ham faqat va faqat harbiylar, qolaversa, viloyat ahli salomatligini asrashdek ulkan maqsad mujjasamligiga ham ahamiyat qaratildi.
Har bir harbiy xizmatchining salomatligi davlat himoyasida ekanligini dildan his etib yashashi, jangga kirganida ham uning salomatligini tiklash, harbiy xizmatchini asrab qolishga bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotganini to‘laqonli anglashi, kerak bo‘lsa, salomatligi kafolatlangan ekanligini chuqur his qilishi muhim. Ushbu harbiy gospital esa ana shunday hislarni har bir harbiy qalbiga singdira olishi shubhasiz.
Ushbu gospitalning oldingi holati achinarli holatda edi. Tibbiy jihozlar ma’nan eskirgan, bemorlar uchun yetarli shart-sharoitlar yo‘q edi. Bugun yangidan qad rostlagan diagnostika markazida zamonaviy shart-sharoitlar muhayyo, 14 ta diagnostika va davolash, operatsiya va reanimatsiya bo‘limlari, shuningdek, tez tibbiy yordam xonalari mavjud. Anjumanlar zali ham harbiylar xizmatiga muntazir.

Koykalar soni 200 taga yetkazildi. Jangchining hayoti va sog‘ligining ilk soatda, ya’ni harbiylar tili bilan aytganda, dastlabki “oltin soat” davomida tezkorlik bilan saqlab qolish juda muhim. Shuning uchun ham harbiy shifokorlar va tibbiyot xodimlarining doimiy tayyorgarligini tashkillashtirish, paramediklarni tayyorlash uchun tibbiy tayyorgarlik sinfi ham tashkil etildi. Quvonarlisi, ushbu gospitalda raqamli texnologiyalar joriy etilib, markaziy gospitalga integratsiya qilingan bo‘lib, eng murakkab jarrohlik amaliyotlari ham shu yerning o‘zida markazga ulangan holda amalga oshirilishi uchun imkoniyat yaratildi. Qolaversa, sog‘liqni saqlash tizimidagi har qanday harbiy gospital yoinki xorijiy mamlakatlardan turib ham ushbu gospitalda amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlarini kuzatish va kerak bo‘lsa, operatsiyani boshqarib turish imkoniyati yaratildi.
Ushbu harbiy gospitalga 66 turdagi zamonaviy diagnostik apparatlar bilan ta’minlandi. Salkam 12 milliard so‘m evaziga olib kelingan ushbu apparatlar harbiylarning hayotini asrab qolish, salomatligini tiklash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Gospital sutkasiga 50 nafar bemorga ambulator va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, 10 dan ortiq bemorlarga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mudofaa vaziri shu narsani alohida ta’kidab o‘tdiki, harbiy xizmatchilarni davolash uchun zamonaviy gospital qad rostladi, zamonaviy diagnostik jihozlar olib kelindi, biroq harbiy xizmatchining salomatligiga to‘g‘ri tashxis qo‘yadigan, uni hayotga ruhlantiradigan, dardiga malham bo‘ladigan tibbiyot xodimlari ham o‘z navbatida, vazifasiga sidqidildan yondashishi, eng avvalo, shirin so‘z, muomala madaniyati yuqori bo‘lishi muhimligini ta’kidlab, ta’magirlik va korrupsiyaga aslo yo‘l qo‘ymasligini bot-bot takrorladi. Ushbu gospitalga davolanish uchun kelgan bemor bu yerdagi sharoit va shifokorlar malakasi, qolaversa, bemorlarga bo‘lgan shirin muomalasi uchun ham harbiylarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlardan minnatdor bo‘lgan holda sidqidildan vatanga sadoqat bilan xizmat qilishi muhim.
Ochilish marosimida so‘z olganlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, harbiy tibbiyotdagi yutuqlar haqida fikr bildirib, Prezidentimizga, qolaversa, tinchligimizni ta’minlashda munosib hissa qo‘shayotgan harbiy xizmatchilarka minnatdorchilik bildirishdi. Shundan so‘ng, ramziy lentalar qirqilib, gospitalda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

A.Safarova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

47 ta obyekt foydalanishga topshirildi

Yurtimizda keng nishonlanayotgan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Surxondaryo...

Uloq-ko‘pkarida g‘oliblar aniq

"Navro‘z" umumxalq bayrami munosabati bilan Jarqo‘rg‘on tumani "Qo‘shtepa" mahallasi...

15-martdan 15-aprelgacha…

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha...

Polvonlar boʻsh kelmadi

"Navro‘z" umumxalq bayrami sayllari doirasida Sherobod tumanidagi "Sport arena"...
KunTun
KunTun