Har bir soha muhim, ularni isloh qilish, har qanday kamchilik va muammoni bartaraf etish lozim. O‘rganish ishlari, doimiy nazoratgina ana shunday kamchilik va muammolarni o‘rtaga ko‘ndalang qilib qo‘yadi. Ayni sababdan ham Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, obyektlar qurilishi hamda sport va tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishish maqsadida Termiz va Oltinsoy tumanlariga tashrif buyurdi.
Dastlab, Prezidentimizning “2024-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Termiz tumani tibbiyot birlashmasi Yangiariq hududiy shifoxonasining 80 o‘rinli binolarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 15,5 milliard so‘m bo‘lib, 20 o‘rinli xirurgiya, 40 o‘rinli terapiya va 20 o‘rinli akusher ginekologiya bo‘limlari uchun binolar qurish hamda mavjud binolarni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Viloyat rahbari qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, obyektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha hudud rahbarlari va obyekt qurilishiga mas’ul mutasaddilarga vazifalar yukladi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbarining tashrifi Oltinsoy tumanida davom etdi. Dastlab, tumanning “Oqarbuloq” mahallasida joylashgan 59-sonli oilaviy shifokorlik punkti faoliyati, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati bilan tanishildi. Tibbiyot muassasasi homiylik asosida 600 mln so‘mlik loyiha doirasida kapital ta’mirdan chiqarilgan hamda zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan. Viloyat rahbari muassasa faoliyati bilan tanishib, nuroniylar bilan suhbatlashdi hamda patronaj hamshiralarining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida planshetlar, patronaj sumkalari hamda 6 ta elektroskuter kalitlarini topshirdi.
Keyingi manzilda esa tuman Sport maktabida o‘quvchi yoshlarni sport to‘garaklariga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Viloyat rahbari sportchilar bilan uchrashuvida yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda yurt bayrog‘ini jahon arenalarida yuksaklarga ko‘taradigan sportchi bo‘lish lozimligini ta’kidladi. Shu yerning o‘zida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kontrakt va davolanish uchun to‘lovlar hamda moddiy yordam uchun pul mablag‘lari sertifikatlari, o‘zini o‘zi band qilishi uchun jihozlar topshirildi.
Tashrif yakunida viloyat rahbari “Bo‘ston” mahallasida tashkil etilayotgan “Yoshlar va turizm ko‘chasi”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan hudud rahbarlarining axboroti tinglandi. Loyiha doirasidagi ishlarni jadallashtirish, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Ijtimoiy soha o‘rganildi
Date: