Barcha jabhada bunyodkorlik

Date:

Bugun barcha jabhada o‘rgarishlar, yangilanishlar kechmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar esa xalq manfaati, turmush tarzini yaxshilashga, qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklar berishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, Surxondaryo viloyatida tibbiyot klasterining bunyod etilishi, malakali mutaxassislarning jalb etilishi natijasida nafaqat voha ahlini, balki qo‘shni davlatlardan ham shifo istab kelguvchilarga kerakli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi maqsad qilinganidan xabaringiz bor. Ushbu klaster aholini ortiqcha sarson-sargardonchilikdan qutqarib, tibbiy ko‘rik, tahlil va tekshiruv va davo muolajalarini bir joyda olish imkonini berishi bilan muhim ahamiyat kasb etayotgan edi. Ayni tibbiyot klastrerida hozirgi vaqtda yakuniy ishlar olib borilmoqda. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishni maqsad qilib, dastlab, 300 o‘rinli tibbiyot klasterida bo‘ldi.
Aytish kerakki, hozirda obodonlashtirish va binolarni jihozlash ishlari olib borilayotir. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 78,7 milliard so‘m bo‘lib, unda 300 o‘rinli tibbiyot markazi, 450 o‘rinli o‘quv xonalari va konfrensiyalar zali tashkil etilayotir. E’tiborli jihati, yuqori texnologik tibbiy muolajalarni amalga oshirish imkoniyatini beradigan “Tibbiyot klasteri”ning ishga tushirilishi natijasida fuqarolarning boshqa hududlarga sarson bo‘lishining oldi olinadi va yiliga 14,3 milliard so‘m mablag‘ tejalishiga erishiladi.


Tanimiz sog‘, jismimiz tetik bo‘lishi biz tanovul qiladigan mahsulotlarga, iste’mol qiladigan suvga ham bog‘liq. Sog‘lom turmush tarziga amal qilsak, hech bir kasallik yoki dard bizga yaqin yo‘lay olmaydi. Shu sababdan ham vitaminlarga boy va foydali mahsulotlar iste’mol qilish bilan birga, ichayotgan suvimizga ham e’tiborli bo‘lishimiz lozim. Vohada aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat rahbarining diqqat markazidagi masala ham ayni mavzudadir. Shu sababdan “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ faoliyati hamda mavjud imkoniyatlari bilan tanishdi.
Xodimlar bilan uchrashuvda voha aholisini sifatli va toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash borasida amalga oshrilayotgan loyihalar, xususan, “To‘palang” daryosidan viloyatning 11 ta hududini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi loyiha haqida to‘xtaldi. Bu kabi yirik loyihalar ishga tushirilgach, aholiga ichimlik suvining barqaror va tizimli yetkazib berilishida soha xodimlarining tezkor va samarali faoliyati zarurligi, ulardan fidoyilik talab etilishi qayd etildi. Buning uchun soha xodimlarining imkoniyatlarini oshirish hamda moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ajratilgan 7 dona maxsus texnikalar hamda qo‘shimcha asbob-uskuna va jihozlar topshirildi.


Albatta, xalq xizmatida bo‘ladigan soha xodimlarining mehnat-u zahmatini ham unutmaslik kerak. Aholi tinchligi, xotirjamligi uchun o‘z xalovatidan kechadigan, Vatan, xalq uchun xizmatni muqaddas burch sanaydigan sohalar ham bor. Ular uchun ham munosib shart-sharoit yaratish lozim. O‘z kasb bayramini nishonlagan Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari ham ana shunday jonkuyar soha vakillaridir. Viloyat rahbari Milliy gvardiya boshqarmasida madaniyat markazi, yotoqxona, tibbiyot punkti va boshqa binolar qurilishi bilan tanishdi. Soha xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratish, loyihalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga yangi vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlarining jismoniy va jangavor shayligini oshirish borasida yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari mashg‘ulot zalida o‘q otish mashqlarida o‘zini sinab ko‘rdi.
Shundan so‘ng, Termiz shahri Alisher Navoiy ko‘chasida qad rostlayotgan “IT park” va “IT akademiyasi” filiali binosining qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilar avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berdi. Viloyat rahbari zamonamizning eng talabgir va soat sayin rivojlanib borayotgan soha uchun qurilayotgan bino ham shunga yarasha barcha sharoitlar bilan ta’minlanishi lozimligini ta’kidlab, mas’ullarga qurilish-ta’mirlash hamda jihozlar ishlarida birinchi navbatda sifat va zamon talablariga e’tibor qaratish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
O‘rganish yakunida viloyat rahbari Alisher Navoiy ko‘chasida tashkil etilayotgan “Yoshlar va turizm” ko‘chasi qurilishi bilan tanishdi. Ishlarni jadallashtirish, loyihaga asosan barcha obyektlarning sifatli hamda muddatida topshirilishini ta’minlash bo‘yicha shahar hokimi va soha mutasaddilariga vazifalar belgilab berildi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Gʻolib oʻqishga qabul qilinadi

Termiz shahridagi 26-sonli umumta’lim maktabida Tataristonning “Alabuga” erkin iqtisodiy...

Chiqindidan elеktr enеrgiyasi ishlab chiqariladi

7 ta hududda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash...

Iftorlik dasturxoni yozildi

Yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlarida iftorlik dasturxonlari...

Dunyoning yеtti moʻjizasi

Bir maktabda “Dunyoning yеtti moʻjizasi” mavzusida dars tashkil etildi....
KunTun
KunTun