Albatta, yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar haqida to‘lqinlanib so‘zlaymiz, bo‘rttiramiz. To‘rt muchasi sog‘lomlar-ku mayli hatto, nogironligi bor insonlarning-da ta’lim-tarbiyasi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida og‘zimizning tanobi qochadi. Aytayotganlarimizga o‘zimiz ham ishonib to‘lqinlanib ketamiz. Ammo nogironligi bor insonlar yo‘llarda, ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylari-yu tashkilot va idoralarda erkin harakatlana oladimi? Ko‘zi ojizlar, nogironlik aravachalarida yurish, harakatlanish uchun maxsus tutqich, yo‘laklar, imkoniyatlar bormi? Axir, vohaga tashrif buyuradigan mehmonlar orasida ham ayni nogironligi bor insonlar bo‘lsachi? Ular ba’zi sharoitsizlikdan noqulay ahvolga tushib qolmasmikan? Ushbu savol o‘rtaga tashlanganda, rosti o‘ylanib qolaman. Bu jihatga e’tibor bermaganmizmi yo bilmaymizmi. Balki ayni shart-sharoit yaratilganida nigohimiz qadalgan bo‘larmidi?
Ana shunday savollarga javob topish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasining Ijtimoiy inspeksiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyatining hududiy bo‘limi vakillari Termiz xalqaro aeroportida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilganlik holatini o‘rgandi.
Respublikamizda turizm infratuzilmalaridagi mavjud muammolarni hal etish, sohada taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va jahon bozorlarida milliy turizm mahsulotlarini faol targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turizm infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarida erkin harakatlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish ushbu sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 12-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, temir yo‘l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoit, maxsus ko‘tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o‘rnatilishi hamda kema aravachalari (nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qo‘yilishi haqida belgilangan.
O‘rganish davomida mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit va to‘siqsiz sharoit yaratilishi yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jamoatchilik nazoratining o‘rganish natijalariga ko‘ra, yakuniy hujjatlar tayyorlanmoqda.
Date: