Nazorat qat’iy, ishlar izchil

Date:

Farzand tarbiyasi har doim muhim, dolzarb va ahamiyatli. Bejiz ota-ona bola dunyoga kelishidan oldin uning taqdiri, kelajagi, ta’lim-tarbiyasi haqida qayg‘urmaydi. Endigina unib-o‘sib kelayotgan nihollarni nest-nobud qilmasdan o‘stirish hayotimizning maqsadiga aylangani ham shundan. Albatta, bu faqat ota-onanigina emas, balki davlat, jamiyatni o‘ylantiradigan, Vatan kelajagiga daxldor masaladir. Shu sababdan ham yurtimizda yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi, e’tibor qaratiladi, imtiyoz va imkoniyatlar beriladi. Gap yoshlar haqida ketar ekan, birinchi navbatda, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratish eng maqbul amaldir.

Sifatli ta’lim berish, buning uchun malakali, salohiyatli kadrlarni jalb etish, qolaversa, o‘qitishning o‘ziga xos yo‘llari va yondashuvlaridan foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Oddiy ma’ruzabozlik bilan yoshlarni zeriktirish, xayolini qochirish hech gap emas. Qishda sovuqda diydirab o‘tirgan bolaning qulog‘iga bilim olish tugul, biror gap kirishi amri mahol. Shunday ekan, munosib shart-sharoit yaratilgandagina maqsadga yetish osonroq kechadi. Afsuski, ayrim maktablarda holat havas qilarli emas, shart-sharoitlar haminqadar. Viloyat hokimi ayni masalaga e’tibor qaratib, maktablarda qulaylik, sharoit yaratish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Maktablar rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirdan chiqarilayotgani, yangi qiyofa kasb etayotganining sababi ham shunda.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Termiz shahri va Jarqo‘rg‘on tumanidagi qator ijtimoiy obyektlar hamda loyihaviy taqdimotlar bilan tanishdi. Dastlab, Termiz shahri “Manguzar” mahallasida mukammal ta’mirdan chiqarilayotgan 20-sonli maktabning qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Maktabdagi bunyodkorlik ishlari yangi o‘quv yili boshlangunga qadar sifatli va o‘z vaqtida yakunlanib, foydalanishga topshirish lozimligi qayd etildi.

Chiqindidan xoli

Birgina Termiz shahrini oladigan bo‘lsak, shahrimiz so‘nggi yillarda ulkan qurilishlar maydoniga aylanib, osmono‘par binolar qad rostladi. Shaharni piyoda kezar ekansiz, shahar dizaynidan, obodlikdan zavqingiz oshadi, mana shunday jannatmonand vatanda yashayotganingizdan iftixor tuyasiz. Ammo shunday paytda ko‘p qavatli uylarning derazalaridan biridan kimdir chiqindi solingan paketni uloqtirsa, ta’bingiz xira bo‘lishi aniq. Qovun-qovundan rang olganidek, atrofdagi qo‘shnilar ham ayni holatni takrorlashsa bormi, bu yog‘iga chiqindizor bo‘ylab kezaverasiz. Holbuki, har bir mahalla hududida chiqindi yig‘ish punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, haftada bir necha bor maxsus avtotransport vositalarida chiqindilar ortib ketilayotgan bir paytda bizning bu taxlit ish tutishimiz chetdan qaraganda naqadar xunuk ko‘rinishini bilsak edi… Demak, bizda munosib shart-sharoit va qulaylik yaratish bilan birga risoladagidek iste’molchi bo‘lish madaniyatini singdirish ham lozim ekan.

Birgina Termiz shahridagi “Bog‘ishamol” mahallasini oladigan bo‘lsak, ushbu mahallada zamonaviy chiqindi yig‘ish punkti namunali tarzda tashkil etilgan. Viloyat rahbari qurilish ishlari bilan tanishuvni ushbu mahallada davom ettirdi va  punkt faoliyati ham e’tibordan chetda qolmadi. Aytish kerakki, ushbu punktda chiqindilar turiga qarab saralanadi va alohida konteynerlarda yig‘iladi. Atrof toza-ozoda, ishlar esa tizimli tashkil etilgan, ushbu punktda kelib ketuvchilar ortiqcha hid yoki tartibsizlikka duch kelishmaydi. Shundanmi, kelgan, atrofni kuzatgan borki, “mana shunday shart-sharoit yaratsa bo‘lar ekan-ku” degan fikrga keladi. Viloyat hokimi ushbu tajriba asosida boshqa hududlarda ham zamonaviy chiqindi yig‘ish punktlarini tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga vazifa yukladi.

Mutasaddilarga aholining chiqindi topshirishdan manfaatdorligi hamda o‘zi yashayotgan hudud tozaligiga daxldorligini oshirish maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish vazifasi yuklandi.

Ijrosi mukammal

Shahrimiz obod, toza va fayzli bo‘lgan onda yo‘llarda o‘ydim-chuqurlikka duch kelsak, nima deysiz?! Yo‘llar-ku ta’mirlanar, asfalt qoplamasi yotqizilar. Ammo shu joyida ichimlik suvi tarmog‘ida quvur almashtirish muddati yetgan bo‘lsa-chi? Yoritish chiroqlari va shunga o‘xshash masalalarga ham e’tibor qaratish lozim bo‘lsa-chi?  Axir hammasi uzukka ko‘z qo‘ygandek bo‘lishi kerak emasmi? Qolgan ishni zargarning mahoratiga ishonib topshirishga to‘g‘ri keladi. Har bir soha va tizimni e’tibordan chetda qoldirmagan viloyatimiz hokimi yo‘llarimiz ravon bo‘lishi uchun ham allaqachon kerakli topshiriq va vazifalarni berib qo‘ygan.

Navbat esa bu boradagi loyihalar bilan tanishuvga yetgan edi. Termiz shahridagi o‘rganishlar davomida At-Termiziy shoxko‘chasining 2,7 kilometr qismini to‘liq ta’mirlash, zamonaviy ko‘rinishga keltirish loyihasi taqdimoti bilan ham tanishildi. Mas’ullar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha, xususan, yo‘l bo‘ylab ichimlik suvi va oqava suv tarmog‘ini ta’mirlash, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish hamda boshqa obyektlarning texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlari yuzasidan axborot berdi. Viloyat rahbari loyihani tizimli amalga oshirish, eski quvurlarni olib chiqish, yangi yo‘lning sifatli qurilishi va uzoq muddat aholiga xizmat qilishiga e’tibor qaratishga chaqirdi. Bu borada mas’ullarga nazorat ishlarini olib borish vazifasi topshirildi. Shuningdek, 300 o‘rinli tibbiyot klasterini tashkil etish ishlarining borishi ham ko‘zdan kechirildi. Avvalgi tashriflarda hudud infratuzilmasi va obodonlashtirilishini ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganildi.

Xizmatga munosib

Bugun BSKlar faoliyati aholini qoniqtiryaptimi degan haqli savol tug‘iladi. Ammo aksariyat hollarda ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining suv quvuri yorilsa, yerto‘lada muammo chiqsa, yoki shunga o‘xshash masalalarda dodini eshitadigan, muammosini hal etadigan shirkatni topa olmay, sarson bo‘lib, axiyri, o‘zing uchun o‘l yetim deganlaridek, hali santexnikka, hali quvur-u kerakli anjom va uskunalarni qidirib, muammoni hal qilgan joyimizda, ikki enlik qog‘oz bilan eshigingizni buzar darajada qoqadigan BSK xodimi oylik to‘lovlarni to‘lashingizni, aks holda sudga berishlarini og‘zaki va yozma tarzda eslatib turganiga nima deysiz? Albatta, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini tartibga solish, tomonlar o‘z majburiyatlarini yana bir eslab olishlari foydadan xoli bo‘lmasdi. Shahar bo‘ylab o‘rganish ishlari yakunida hududlarda tanlab olingan 15 ta mahallada ishlarni yakunlab, foydalanishga topshirish munosabati bilan o‘tkazilgan onlayn tadbir davomida mahallada tashkil etilgan boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishildi. Hududlardagi mahallalarda tashkil etilgan BSKlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha sektor rahbarlariga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Viloyat rahbari o‘rganish ishlarini Jarqo‘rg‘on tumanida davom ettirib, avtoshoxbekatda yangidan yo‘lga qo‘yilayotgan 2 ta ichki va bitta tumanlararo avtobus yo‘nalishlari taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu yo‘nalishlarni tashkil etish uchun 14 ta yangi avtobus keltirilgan bo‘lib, ichki yo‘nalishlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida 10 ta mahalla aholisi, 10 ta maktab va 28 ta bog‘cha uchun jamoat transporti xizmati yaxshilanadi.

Tumanga tashrif yakunida “Qorayantoq” mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarni obodonlashtirish, massivga boruvchi yo‘lni ta’mirlash tadbirlari bilan tanishildi hamda tegishli vazifalar belgilab berildi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Gʻolib oʻqishga qabul qilinadi

Termiz shahridagi 26-sonli umumta’lim maktabida Tataristonning “Alabuga” erkin iqtisodiy...

Chiqindidan elеktr enеrgiyasi ishlab chiqariladi

7 ta hududda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash...

Iftorlik dasturxoni yozildi

Yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlarida iftorlik dasturxonlari...

Dunyoning yеtti moʻjizasi

Bir maktabda “Dunyoning yеtti moʻjizasi” mavzusida dars tashkil etildi....
KunTun
KunTun