Tadbirkor birinchi navbatda bozorni o‘rganadi. Qanday mahsulotning bozori chaqqon, ehtiyoj va talab yuqori. Ayni jihatlardan kelib chiqib, albatta, qiziqish, udda qila olish jihatlarini inobatga olib, biznes reja ishlab chiqadi va sarmoya tikadi. Istiqbolli loyihalar muvaffaqiyat qozonadi, ajab emaski, ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijga eksport qilinsa, tadbirkorning pichog‘i yog‘ ustida deyavering. Bundan ruhlangan esa ishini yanada kengaytirishi, yangidan-yangi loyihalarni ishlab chiqishi ham turgan gap.
Ana shunday loyiha va rejalar esa davlatimiz tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgani esa quvonarli hol. Gapimiz boshiga qaytadigan bo‘lsak, denovlik tadbirkor Habibulla Murodov ham poyabzal ishlab chiqarishga qiziqib qoldi. Sababi, bozorni o‘rgandi. Har mavsumda oyoq kiyimlar almashishini hisobga olganda, poyafzal ishlab chiqarish ham chakki loyiha emasdi. Ayniqsa, ishlab chiqaradigan mahsulotingiz sifatli, arzon va qulay bo‘lsa, o‘z xaridorini topishi shubhasiz. Ana shunday jihatlarni o‘ziga shior qilgan tadbirkor charm poyafzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Albatta, ishning boshlanishi oson kechgan emas, buning uchun tadbirkor ozmuncha mashaqqat chekkani yo‘q. Oz emas, ko‘p emas, besh yil ichida tadbirkor yo‘lga qo‘ygan “Denov – Ravnaq – Kamoli” mas’uliyati cheklangan jamiyati rivojlandi.
Ushbu poyafzallar mahalliy bozorlarga olib chiqilganida o‘z xaridorini topmay qo‘ymadi, bozori chaqqon bo‘ldi. Sifatli, hamyonbop mahsulot e’tibordan chetda qolarmidi. Bundan ruhlangan tadbirkor, o‘z brendini dunyoga tanitishni istadi va xorijga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. H.Murodov adashmagan ekan, “Denov – Ravnaq – Kamoli” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan charm poyafzallar xorijda ham o‘z xaridorlarini topdi, topmoqda. Chunki bu oyoq kiyimlar xorijnikidan aslo qolishmaydi-da. Tashqi dizayni va sifati xaridorgirligini oshirishga xizmat qilyapti.
— Ishingiz ko‘ngildagidek ketsa, to‘siq yoki muammoga duch kelsangiz, sizni qo‘llaydigan davlat, qonunlaringiz bo‘lsa, orqangizda tog‘dek tayanchingiz bordek, harakat qilarkansiz, o‘zingizga ishonchingiz ortarkan, — deydi tadbirkor H.Murodov. — Sizga ishonch bildirib turishganda, bir joyda to‘xtab turishga haqingiz yo‘q. Ishonchni oqlashga, yanada ko‘prog‘iga qodir ekaningizni isbotlashga tirisharkansiz. Shu sababdan nafaqat mahalliy, balki dunyo bozoriga ham jadal qadamlar bilan kirib borib, o‘z o‘rnimizga ega bo‘lib ulgurdik.
Ishlar yurishgandan keyin, tadbirkor korxonasida shart-sharoit va qulayliklar yaratishga harakat qildi. Boshida qo‘l mehnatidan foydalanishgan bo‘lsa, biroz muddat o‘tgach, xorijdan texnologiya kiritdi. Endi poyafzallar maxsus uskuna va mashinalarda tikib tayyorlanadigan bo‘ldi. Bu esa ishlab chiqarish turini kengaytiribgina qolmay, ish hajmini oshirdi, sifatda va dizaynda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Qulay sharoitda ishlash, dizayn haqida bosh qotirish esa yanada zavqli, kishini ilhomlantirishini korxonada faoliyat yuritguvchi insonlarning mehnat-u harakatidan ko‘rish, kuzatish mumkin.
Hozirgi kunda o‘ttizdan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxonada kuniga yuz juftdan ortiq oyoq kiyimlar ishlab chiqarilayotir. Har bir mahsulot mavsumga xos va mos. Shu jihatdan bir yilda ishlab chiqarilgan oyoq kiymlarning yeti ming jufti eksport qilinayotgan bo‘lsa, qolgani mahalliy bozorlarimizga olib chiqilayotir.
Tadbirkorning niyati katta ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirib, yangi ish o‘rinlarini yaratmoqchi. Bu hududdagi ishsiz va ish izlab yurganlar uchun ayni muddao bo‘lishi aniq.
Yana bir gap, joriy yilning dastlabki choragida birgina Denov tumanida 228 milliard so‘mlikdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, xorijga 5 million 730 ming dollardan ortiq qiymatdagi mahsulot va xizmatlar eksport qilingangan bo‘lsa, bunda “Denov – Ravnaq – Kamoli” MChJning ham munosib ulushi bor.
S.Normurodova