Soxta xabarlarga chuv tushmang!

Date:

Telegram messenjerimizga “Sizga yutuq chiqdi” degan xabar kelishi bilan, quvonchimiz ichimizga sig‘may keltirilgan xavolaga kiramiz yoki berilgan telefon raqamlariga sim qoqamiz. Keyingi amaliyot esa o‘sha “yutuq”ni plastik kartamizga o‘tkazish qoladi. Karta raqamimiz, amal qilish muddati-yu, telefonimizga kelgan smsdagi kod aytilgach esa hisobimizdagi mablag‘dan ham ayrilamiz. Ana shundan keyin anglaymizki, hakerlar hujumiga uchrab, chuv tushganimizni. Hech o‘ylab ko‘rmaymizki, tekin pishloq qopqonda bo‘ladi va hisobdan hisobga mablag‘ o‘tkazish uchun kartamizning amal qilish muddati so‘ralmaydi. Bu esa bizning kiber madaniyatimiz hali shakllanmaganini ko‘rsatadi. Ayni jihatlarni hisobga olgan holda Surxondaryo viloyatida 1-iyuldan 31-iyulgacha “Kibermadaniyatni yuksaltirish” targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan tashkil etilayotgan oylikni yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari belgilab olingan. Jumladan, oylik doirasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi, kiberjinoyatlardan ogohlikka chorlovchi “Eng faol mahalla”, “Eng yaxshi milliy kontent” singari o‘n uch turdagi targ‘ibot tanlovi, “STOP! Cybercrime” nomli ogohlikka chaqiruvchi ommabop chellenjlar, “Biz kiberjinoyatlarga qarshimiz” shiori ostida kibersport musobaqasi va kiberbullingdan himoyalanish, kiberomantikaning salbiy oqibatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish kabi o‘ndan ortiq targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Eslatish joizki, tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Qolaversa, ayni tadbirlar sabab kech jamoatchilikka targ‘ibot-tashviqot ishlari orqali onlayn tarzda aldovlarga chuv tushib qolmasliklari uqtiriladi.


Bu haqda Termiz shahrida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi — “Cyber month“ doirasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish” mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mas’ul idoralar va jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Anjuman davomida hozirgi kunda keng tarzda rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari inson hayotini yengillashtirib, vaqtini tejayotgani biroq, bu jarayon qator muammolarni ham keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda firibgarlar zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanib, fuqarolarni o‘z tuzog‘iga ilintirayotgani hayotiy misollar bilan dalillandi.
Mamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar ko‘p hollarda bank plastik kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu orqali fuqarolarga moddiy zarar yetkazilmoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda eng samarali yo‘llardan biri — fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, viloyatda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar atroflicha o‘rganilganida, ularning 29 foizi talabalar, 13 foizi o‘qituvchilar, 10 foizi sog‘liqni saqlash xodimlari, 47,8 foizi boshqa soha vakillari ekani ochiqlanadi. Ular telegramm messenjerida tarqalayotgan virusli havolaga kirish orqali afsuski, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolgan. Sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinganda, 26 foizi soxta treyding, 21 foizi zararli dasturlar, 18 foizi moliyaviy piramida, 16 foizi xorijga ishga chaqirish va meros qoldirish, 11 foizi yaqinlari nomidan soxta qo‘ng‘iroqlar, 8 foizi kiberromantika kabi jinoyat turlariga to‘g‘ri kelgan.

Shu kunga qadar ana shunday kiberjinoyatlarning 40 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning turi kundan-kunga ortib bormoqda. Telegramm tarmog‘i orqali “Click xavfsizlik xizmatidanmiz”, “Sizga yutuq chiqdi”, “Katta miqdorda pul yutib oldingiz”, “Aksiya ishtirokchisiga aylandingiz”, “Treyding orqali pullaringizni ko‘paytirib beramiz”, “Chet elga ishga yuboramiz” va boshqa yolg‘on, soxta xabarlar bilan sodda fuqarolarni chuv tushirmoqda.
Matbuot anjumanida oylikni joylarda keng aholi qatlamini jalb etgan holda uyushqoqlik bilan samarali o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

O‘z muxbirimiz

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mebeli bambukdan

Sho‘rchi tumanidagi “Best Faxr Mebel” korxonasi ishga tushdi. Korxonada...

G‘ALABAGA HALOL YO‘L BILAN

Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahri kurash ishqibozlarini chorladi. Yuragida o‘ti,...

Futbol akademiyasi qurilmoqda

Futbolda yurtimizda yangi sahifa ochildi. Bu esa futbol ishqibozlarini...

G‘oliblar finalga chiqadi

Yoshlarning bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazish maqsadida tez-tez “Zakovat”...
KunTun
KunTun