Bugun hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmushini va infratuzilmani yaxshilash, fuqarolarga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, aholini, xususan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorligini rivojlantirish orqali jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida davlat dasturlari qabul qilinib, uning natijadorligi, dasturda belgilangan maqsad va vazifalar hayotga tatbiq etilib, samaradorlikka xizmat qilishi muntazam monitoring qilib borilayotir.
Qolaversa, xalqaro tashkilotlarning grant loyihalari jalb etilib, investitsiya kiritilishi natijasida aholi daromadini oshirish, turmushi farovon bo‘lishiga erishish ham bugungi kunning talabidir.
Surxondaryo viloyatini ham ijtimoiy-iqtisodiy rivjlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishida ham bevosita davlat dasturlariga kiritilgan ustuvor yo‘nalishlarning hayotga tatbiq etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Va o‘z navbatida, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijadorligi mutasaddilar tomonidan monitoring qilib borilayotgani ham ayni haqiqat. Bu esa hech bir boshlangan ish yoki qabul qilingan dasturning o‘zi bo‘larchilikka tashlab qo‘yilmasligi, xalq manfaatiga xizmat qilayotganidan dalolat. Inson qadri tobora yuksalib borayotgan yurtimizda barcha darajadagi rahbarlar fuqarolarning holidan xabar olib, tuman, mahalla, xonadonbay ishlarni tashkil etib, fuqarolarning daxldorlik hissi bilan yashashi uchun ham astoydil mehnat qilishmoqda. Aholi vakillari bilan uchrashilib, joylardagi muammo va masalalar atroflicha hal etilayotir. Qolaversa, Konstitutsiyamizda ham belgilab qo‘yilganki, qaysi darajadagi rahbar bo‘lishidan qat’iy nazar hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrochisi, aholi manfaatlari himoyachisi bo‘lib maydonga chiqqan holda Vatanimiz ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shishi lozim.
Viloyat hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Kengashi tomonidan Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash hamda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilishga oid dasturlarning ijrosini o‘rganish natijalari bo‘yicha videokonferensaloqa shaklida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda Oliy Majlis senati raisi Tanzila Narbayeva hamda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, shuningdek, vazirlik hamda idoralar vakillari, viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, shuningdek, iqtisodiy kompleks tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdi.

Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishni Oliy Majlis senati raisi Tanzila Narbayeva boshqarib bordi va viloyatni kompleks rivojlantirishga qaratilgan hududiy dasturlarda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi bo‘yicha olib borilgan o‘rganish ishlari yuzasidan mas’ullarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatimizda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yalpi ichki mahsulot hajmi 1,3 barobar ortgan bo‘lib, 4 ming kilometr ichimlik suvi quvuri tortilgan, 5,1 ming kilometr ichki va asosiy yo‘llar qayta qurilgan, 660 ta ko‘p qavatli turar joylar bunyod etilgan. Maktabgacha ta’limda ham viloyatda anchayin o‘sish kuzatilib, qamrov darajasi 62,5 foizga yetkazilgan.
Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ushbu yig‘ilishda ro‘y-rost aytildi. Misol uchun, viloyatda mavjud 6100 ta yer maydonlari e.ijroda auksionga chiqarilib, 96 foizi bir yildan beri sotilmasdan kelayotir. Viloyatda qurilishi kerak bo‘lgan yoshlar sanoat zonalaridan atigi bittasi foydalanishga topshirilgan, Sherobod, Boysun, Jarqo‘rg‘on tumanlarida muammoli kreditlar ko‘paygan. Viloyatda mavjud 961 ta maktabning 9 tasida birorta ham bitiruvchi-o‘quvchi oliy ta’limga kira olmagan. Tibbiyot yo‘nalishida 1500 ta mutaxassis yetishmaydi. Jinoyatchilik soni avvalgi yillarning mos davriga nisbatan ko‘paygan.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar vazirlik va viloyat darajasidagi sohaga aloqador mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Senat raisi bugun Prezidentimiz mamlakatimizni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yoshlarning bilim-salohiyatini yuzaga chiqarib, aholining bandligi va tadbirkorlik darajasini oshirish, xalqning farovon turmushini yaxshilash, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yuqori pog‘onaga ko‘tarish uchun ham kun-u tun tinim bilmasdan harakat qilayotgan bir pallada hech birimiz, ushbu jarayonlardan, islohotlardan chetda turmasligimiz, odamlarni rozi qilish, ular uchun munosib sharoit yaratish asosiy maqsadimiz bo‘lishi, amalga oshirilayotgan islohotlar joylarda aholi manfaati, ularning vatanga dahldorlik hissi bilan yashashida o‘z aksini topishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Ushbu jarayonda barcha birdek hamjihatlikda harakat qilmog‘i lozimligini, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, e’tibordan chetda qolayotgan masalalar, sustkashlik oqibatida amalga oshmay qolgan loyihalarning sababini aniqlash, viloyatda muammosi hal etilmagan mingdan ortiq yoshlar bilan ishlash, ularni ham real daromadga ega bo‘lishi orqali jamiyatning faol qatlamiga aylantirish, jinoytchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, IT parklarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etib, iste’dodli yoshlarning intellektual qobiliyatini yuzaga chiqarish, ular tomonidan ishlab chiqilayotgan IT mahsulotlarining ekportini yanada oshirish, Oltinsoy va Bandixon tumanlarida paysalga solib kelinayotgan podstansiya qurilishini ta’minlash kabi muhim masalalar ijrosini nazoratga olinib, hal etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar belgilandi.
Adolat MO‘MINOVA