Sport insonni chiniqtirish bilan birga bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi. Sport bilan mashg‘ul yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va shijoati ham baland bo‘ladi. Qolaversa, bunday yoshlar sog‘lom turmush tarziga amal qilish bilan birga bekorchi ishlarga, illatlarga yaqin yo‘lamaydi. Shu sababdan ham farzandlarimizni sportga jalb qilib, to‘g‘ri yo‘naltirishga harakat qilamiz. Ayniqsa, sportda muvaffaqiyatga erishgan sportchilarimizning yutuqlari ham yaxshigina motivatsiya bo‘lib xizmat qilishi, qaysidir sport turiga qiziqishlarini oshirayotgani aniq. Bu borada nogironligi bor yoshlar ham tomoshabin emas, faol ishtirokchi bo‘layotgani quvonarli hol. Ular ham o‘z imkoniyai, qiziqish va layoqati yuqori bo‘lgan sport turlari bilan shug‘ullanib, o‘z iqtidor va mahoratini namoyon etib, yutuq va muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.
Termiz shahrida joylashgan Surxon sport majmuasida mahallalardagi nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqalarining viloyat bosqichida ham sportchi yoshlar mardi maydon bo‘lib, yana bir bor nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib berishdi. Musobaqada 16-30 yosh toifasidagi yuragida o‘ti, shijoati baland nogironligi bo‘lgan yoshlar sport turlari bo‘yicha o‘z iqtidorlarini sinab ko‘rishdi.
Para stol tennis va aravachada stol tennisida ishtirokchilar epchillik bilan to‘pni ilib olib, raqibiga uzatishga, yuqori ochkolarni to‘plab, g‘oliblik sari intildilar. Para yengil atletikada esa ishtirokchilarning nechog‘lik epchil va chaqqonligi, tezkorligi sinovdan o‘tgan bo‘lsa, para shaxmat va para shashkada aqllar charxlandi.
Tomoshabin va muxlislarni o‘ziga jalb qilish bo‘yicha futboldan keyingi o‘rinni egallab turgan badminton sport turi ham kiritilgan musobaqada o‘yinni tomosha qilish haqiqatan ham zavqli, murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Qo‘shimcha qilish kerakki, badmintonda nafaqat sportchi jismonan chiniqib, faollikka erishadi balki, strategik fikr yuritishga o‘rgatadi va tezkor reaksiyalar uchun ham ruhan tayyor holatga keladi. Para badmintonni kuzatib, ishtirokchilar mahoratidan bu fikrlar nechog‘lik o‘zini oqlashiga ishonch hosil qilish mumkin bo‘ldi.
Albatta, ta’kidlash joziki, jarayonni kuzatish maroqli va zavqli bo‘ldi. Muhimi, ishtirokchilar ham, tomoshabin yoshlar ham o‘tkazgan vaqtiga achinishmadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Sport chegara bilmaydi
Date: