Bir necha oyki, Surxondaryo viloyatida “Boysun bahori” xalqaro festivaliga tayyorgarlik jarayoni qizg‘inlik bilan olib borildi. Nihoyat bir necha kundan so‘ng, festivalga start beriladi. Bu yil yettinchi bor o‘tkazilayotgan festival yangi shukuh, tamomila o‘zgacha uslubda, yuqori saviyada o‘tkaziladi.

So‘lim tog‘lar qo‘ynidagi Bibishirin mahallasida zamonaviy turistik maskan barpo etilganki, u yerga qadam ranjida qilgan borki, o‘zini o‘zga bir dunyoga tushib qolgandek his etadi. Ayni maskanda yirik sahna, amfiteatr, viloyatlar qo‘rg‘onlari joy olgan. Etnosport maydonlari esa bilagida kuchi, yuragida o‘ti borlarni mardi maydon bo‘lishga chorlayotgandek.

Bu galgi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga qanday tayyorgarlik ko‘rilgan, festivalni qanday o‘tkazish-u, mehmonlarni kutib olishdan kuzatishgacha bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumot berish maqsadida Termiz shahridagi Matbuot uyida matbuot anjumani tashkil etildi. So‘zga chiqqanlar festivalni o‘tkazish bilan bog‘liq

tashkiliy va ijodiy ishlar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Hozirga qadar 20 ga yaqin davlatdan festival ko‘rik-tanlovida ishtirok etish taklifi kelib tushgan bo‘lib, 40 dan ortiq mamlakatdan yuzdan ziyod folklore san’ati ustalari, folklorshunoslari, nomoddiy madaniy meros shinavandalari va sayyohlar kelishi kutilmoqda.

Festival doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, konsert dasturlari, milliy sozlar va liboslar, taomlar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Dronshou, etnosport bellashuvlari, uloq-ko‘pkari, kurash va tosh ko‘tarish o‘yinlari, varrak sayllari esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etib, beg‘ubor yoshlikka qaytarishi aniq. Festival toirasida o‘tkaziladigan tanlovlar, musobaqalar, ko‘rgazmalar g‘oliblari munosib taqdirlanadi. Buning uchun 126 ming AQSH dollari ajratilgan.

Albatta, So‘lim va betakror, ochiq osmon ostidagi muzey sanalmish Boysun tumaniga tashrif barchani toza va musaffo havodan, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishga imkoniyat yaratadi. Ming marta eshitgandan bir bora ko‘rgan afzal deganlaridek, festivalga tashrif buyurib, ko‘ngil yozing, milliylikka qayting, qadriyatlarimizning nechog‘lik qadr topayotganining guvohi bo‘ling. Boysunga borgandagi taassurotlaringizni dunyoning hech bir burchagida bo‘lib-da ololmasligingiz aniq.
S.Normurodova,
T.Aliqulov
(surat)