Bugun Taxiatoshga borgan odamning e’tiborini mahalliy aholining kayfiyati, hayot tarzi tortishi aniq. Chunki taxiatoshliklar bugunidan, hayotidan mamnun. Ular har soniyasidan, o‘zlaridagi imkondan unumli foydalanishayotir. Kimdir tadbirkor, ishbilarmon, kimdir dehqon yoki fermer. Jamiyatning turli sohalarida o‘z o‘rnini topib, ildam qadam tashlashayotir. Ha, bugun Taxiatoshda ana shunday o‘zgarishlar, rivojlanishlar nasimi esmoqdaki, bularning bariga Surxondaryo tajribasi o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tayotir.
Uzoqni ko‘rib ish tutgan davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi bugun ana shunday islohotlarga, tom ma’nodagi yangilanishlarga yuz tutmoqda. Ayni tashabbus bilan Orolbo‘yi aholisi turmush farovonligini yuksaltirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani Surxondaryo viloyatiga biriktirilganidan xabardormiz. Shundan buyon bir necha yilki, surxondaryolik har bir soha mehnatkashlari Taxiatoshda bo‘lib, shart-sharoitlar bilan tanishish bilan birga, o‘z g‘oya va loyihalarini amalga oshirdi. Surxondaryo viloyati tadbirkorlari tomonidan Taxiatosh tumanida birgina 2022-2023-yillarda qiymati qariyb 240 milliard so‘mlik 20 ga yaqin loyihani amalga oshirish hisobiga 1 ming 300 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.
Ana shunday ishlarning davomi sifatida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligidagi mas’ullar Taxiatosh tumaniga tashrif buyurdi. Surxondaryo tajribasini joriy etish bahonasida aholi muammolarini hal etishni ko‘zladi. Tadbirkorlikni-da rivojlantirish borasida o‘z rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Viloyatimiz rahbariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Farhod Ermanov hamrohlik qildi.
Xususan, tumanning markaziy ko‘chalarini shaharsozlik normalari asosida rekonstruksiya qilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yirik loyihalar taqdimotlari, mahallalarda “yettilik” faoliyati hamda yirik issiqxonalar komplekslari bilan tanishildi. Viloyatimiz rahbari mutasaddilar bilan aholi turmush sharoitlarini ko‘zdan kechirib, taxiatoshliklar bilan suhbatlashdi. Ularning mavjud muammolari o‘rganildi hamda yechimlari yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, vohalik tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarda qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi ham e’tibordan chetda qolmadi hamda mas’ullarning kelgusidagi rejalar yuzasidan axboroti tinglandi.
Taxiatosh Surxondaryo tajribasi asosida rivojlanmoqda
Date: