Xizmati e’tirofu e’tiborga loyiq

Date:

Qiz bolani palaxmon toshi deyishgani rost ekan, u qayerga otilsa, o‘sha yerda tup yozib, palak otar, ildiz otar ekan. Bu o‘zbekning gapi dersiz, yo‘q bunday naqllar millat, hudud tanlamas ekan. Rossiyalik qiz taqdirning gardishi bilan O‘zbekistonga keldi-yu, shu yurtni vatan tutdi. Oila qurdi. Muzrabot tumanining chekka qishlog‘iga kelin bo‘lib kelmaganmi, qo‘rquv va hadik bilan o‘zbekona hayotga moslashishga harakat qildi. Tanti xalqning yuzi issiq odamlari esa rus qizini farzandidek qabul qildi. Ochiq chehrali odamlar orasida Svetlana ham o‘zini erkin his qilib, tezda ko‘nikib ketdi. O‘zbekona urf-odatlar, qadriyatlarni katta qiziqish bilan o‘rgandi. Hozir esa oila tutumi, ro‘zg‘or yuritish deysizmi, odatlarimiz va rasm-rusumlarimizni bir o‘zbek ayolidan ortiq bilsa biladiki, aslo kam emas.

Yosh kelin oilani ko‘nglini olish bilan birga tuman maktabida o‘qituvchilik qila boshladi. Bolajonlarga rus tili fanidan dars berdi. Shu o‘rinda bir gap, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratib, kelajak avlod taqdiriga katta umid va ishonch bog‘lagan davlatimizda pedagog-kadrlardan mas’uliyat bilan ishga yondashishlari talab etilayotir. Ana shunday bir paytda, dunyoning turli rivojlangan davlatlaridan xorijlik o‘qituvchilarning jalb etilib, til o‘rgatilayotgani, nafaqat o‘quvchi-yoshlarning til o‘rganishida, balki pedagoglarimiz uchun katta tajriba maktabi vazifasini ham o‘tayotir. 38 yillik tajribaga ega pedagog Svetlana Jumayeva ham o‘z sohasida ana shunday kasbdoshlaridan kam emas. Ustoz umrini baxshida etgan kasbiga mehri bo‘lakcha. O‘ziga va o‘quvchilariga bo‘lgan talabi ham qattiq. Darsga tayyorlanib bormagan kunini eslay olmaydigan ustozning o‘quvchilari ham doimo xushyor va ziyrak. Ustozining pozitsiyasidan kelib chiqqan holda tirishqoqlik bilan berilgan topshiriq va vazifalarni bajarib kelishadi. Albatta, Svetlana Jumayevaning har bir o‘quvchisiga mehnati singgan. Sabog‘ining ilk kunidan til o‘rgatishni “nol”dan boshlaydi. Buyog‘ini esa tasavvur qilavering.

Qahramonimizning dars o‘tishda o‘z yondashuvi, o‘z uslubi bor. Ustoz saboq beradigan sinfxonaga kirgan o‘quvchi o‘zga bir muhitga tushib qoladi-da, tanaffusda ham chiqib keta olmaydi. O‘qish, o‘rganish, faollik, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan bu muhitdan chiqib ketishning iloji yo‘qdek.

Ha aytgancha, Svetlana Jumayeva o‘z o‘quvchilariga rus tilini qanday o‘rgatgan bo‘lsa, o‘zi ham o‘zbek xalqidan o‘zbek tilini o‘rgandi. O‘z fikrini, tuyg‘ulari-yu his-hayajonini bemalol o‘zbekona lutf bilan ifodalashini kuzatib turgan suhbatdosh borki, ustoz bilan miriqib suhbatlashadi.

— Bugun o‘qituvchiga, ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan e’tibor, talab butkul o‘zgargan, — deydi Svetlana Jumayeva. — Har bir farmon va qarorlarda sohaga doir o‘zgarishlar, yangilanishlar kuzatilayotir. O‘qituvchi obro‘ topyapti. Bizning chekka hududdagi maktabda ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘qituvchidan talab etilayotgani esa faqat va faqat bilimli yigit-qizlarni yetishtirib chiqarishdir. Darslarimdan o‘quvchilarimning ko‘ngli to‘lsa, yangi tushunchalarni o‘zlashtirsa, xursand bo‘laman. Talabchanman, o‘rganishdan, o‘rgatishdan charchamayman va erinmayman.

O‘zbekistonda ta’limga berilgan e’tibor o‘qituvchi obro‘sini yanada oshirdi. Hech bir fidoyi, ishiga ixlosi baland kadrning mehnati yerda qolmaydi. Bunday e’tibordan ruhlangan ustoz-pedagoglar bor e’tibor va kuchini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratishgan. Bu esa yoshlarimizning jamiyatda o‘z o‘rnini topayotganidan, oliy ta’limga o‘qishga kirayotganlar safining ortayotganidan ham ko‘rish, bilish mumkin. Eng muhimi, ayni ustozlarning xizmati bilan qay jabhaga boqmaylik, bilimli, salohiyatli va yetuk kadrlar yetishib chiqayotir. Svetlana Jumayevaning ham bu boradagi xizmatlari e’tirofu e’tiborga loyiq. Buni 2022-yilda ustozning mehnatlari munosib baholanib, “Do‘stlik” ordeniga loyiq topilganidan sezish mumkin.

Ustoz inson aslida yonib yashashi kerak, e’tibor va rag‘bat topishi kerak deb hisoblaydi. Bu nafaqat o‘sha insonga, balki atrofdagilarga, ayniqsa, yoshlarga stimul bo‘ladi degan fikrda. Doimo shijoatli, g‘ayratli bo‘lib ko‘rinadigan ustoz qachon qaramang pozitiv kayfiyatda bo‘ladi va buni atrofdagilarga ham yuqtira oladi. Bu ham inson psixologiyasiga bog‘liq bir jihat dersiz. Ammo, nima bo‘lganda ham tabassumi, samimiyati bilan barchaga ko‘tarinkilik ulashib kelayotgan ustozga boqib havasingiz keladi. Farzandlaringiz ham, o‘zingiz ham ana shunday bo‘lishni orzulaysiz.

Fikrimiz avvalida aytganimizdek, rossiyalik qiz allaqachon o‘zbek ayoliga aylanib ulgurgan. Mehmonnavozligu tovoze’likni sizu bizdan ko‘ra o‘rniga qo‘yishidan bilishingiz mumkinki, O‘zbekistonni o‘ziniki, o‘ziga vatan qilishning uddasidan chiqqan. Bugun bu yurtdan uzoqlashsa, darrov qaytishni istovchi, sog‘inishni boshlovchi inson uchun vatan tug‘ilgan joy emas, o‘sgan, ulg‘aygan, kamolga yetgan, eng baxtli damlari ayni makon bilan bog‘liq joy vatan ekaniga amin bo‘lasiz. Mana shu his bilan o‘zini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga baxshida etgan pedagog O‘zbekistondan minnatdor. Ana shu minnatdorlik hissi uni yonib yashashga, shijoat bilan ishlashga kuch berib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirgan.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Fayz” savdo markazi ochildi…

Bugun Bandixon tumani aholisi uchun unutilmas shodiyona kun...

“G‘armaqo‘rg‘on” yo‘llari asfaltlanmoqda

Ko‘chalarimizning notekis o‘nqir-cho‘nqirligi nafaqat kayfiyatimizga balki xavfsizligimiz uchun ham...

Jarimasi bor…

Telefonsiz hayotimizni tasavvur eta bo‘lmas darajaga yetganmiz. Uyda ham,...

Yig‘im-terim avj oldi

Kuz fasli qishloq xo‘jaligi sohasida yil davomida amalga oshirilgan...
KunTun
KunTun