Ishxonamiz ikkinchi uyimizdek gap. Ammo, u yerda tartib-intizomni saqlash birinchi galdagi vazifamizdir. Aks holda xodimlar o‘rtasida boshboshdoqlik kuzatilishi hech gap emas. Ba’zida tashkilot va idoralarda guruhbozlik, tarafkashlik, bayram va tadbirlarda dabdababozlik qilish holatlari kuzatiladi. Bunday salbiy illatlar ish koeffitsientiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Ana shunday holatlarning oldini olish, tartib-intizom masalalariga qat’iy e’tibor qaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-son qarori qabul qilingan. Mazkur qaror davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.
Ushbu qarorga asosan davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda milliy urf-odat, qadriyat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari lozim. Qolaversa, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymasliklari shart. Jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki da’vat qilmaslikka majburdirlar.
Ba’zida rahbar yoki xodimning qandaydir xizmati evaziga sovg‘a-salomlar olish holatlari quloqqa chalinadi. Bu xizmat vakolatidan tashqari holat bo‘lib, hech bir so‘z bilan oqlab bo‘lmaydi. Qolaversa, hech bir xodimning vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, mavqeini suiiste’mol qilishga haqi yo‘q. Yoki bo‘lmasa, xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmasliklari lozim.
Rahbar yoki xodim o‘zi faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat xizmatiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlardan tiyilishi, tashqi ko‘rinishini belgilangan me’yorlar doirasida saqlashi, kamtarona kiyinib, atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga ortiqcha jalb qilmasligi kerak.
Agentlikning Surxondaryo viloyati filiali tomonidan joylarda davlat xizmatchilari o‘rtasida qonun va qaror mazmun-mohiyatini tushuntirish, yuqoridagi holarlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan o‘quv seminarlari o‘tkazib kelinmoqda. Asosiy maqsadimiz davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishdir.
Sherzod Xidirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori