Unutmang, suv tekin emas!

Date:

Jo‘mrakdan shildirab oqayotgan suvni ko‘rsam, Afrika davlatlaridagi tub aholining loyqalangan suvni ichayotgani, suvsizlikdan qaqrab ketgan cho‘l-sahrolar, Oroldagi holat bir-bir ko‘z oldimdan o‘taveradi. “Suv tekin emas” degan yozuv televizorimizning bir burchagida ko‘rinish berganidachi? Uni o‘qib ko‘rganlarning xayolidan nima o‘tarkan? Haqiqatan suv tekinmas, u uchun oyma-oy to‘lab borayotgan ma’lum miqdor bilan o‘lchanmaydi bu miqdor. Ichimlik suvining ham tugashi, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yaversak, bu ne’matning-da, oxiri borligi haqida bu chorlov. Ha, suv tekin emas. Ammo, bizning munosabatimizchi? Yozda farzandlarimizga suvni oqizib olib kelishlarini tayinlaymiz. Shundan so‘ng muzdak suv keladi-da. Qishda kechasi bilan jo‘mrakni sal ochiq qoldiramiz, quvurlar muzlab, suv kelishi to‘xtab qolmasligi uchun. Qancha suvni xarajat qilayotganimiz, isrofgarchiligimiz esa xayolimizga ham kelmaydi. Ichimlik suvi bilan ekin-tikinlarimizni suvlaymiz, ehhe yana ko‘plab injiqliklarimiz sabab suv isrof bo‘laveradi. Xuddi suv tekindek.


Yurtimizda esa shunga qaramay, targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan birga aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi va bu ishlar davom etmoqda. Birgina o‘tgan yilda “Surxondaryo suv ta’minoti” MCHJ tomonidan 76 ta guruhli ichimlik suvi ishlab chiqarish inshooti hamda 1091 ta yakka tartibdagi ichimlik suv ishlab chiqarish inshootlari orqali 43,5 million metr kub ichimlik suvi ishlab chiqarilib, viloyat aholisiga yetkazildi.


MCHJ hisobidan 2 milliard 582 million so‘m mablag‘ hisobidan 13,5 kilometr ichimlik suvi quvurlari, 34 ta yangi nasos, 724 dona elektr jihozlar, 64,8 tonna yoqilg‘I xarid qilinib, nasos va ichimlik, oqova suv quvularini joriy ta’mirlash, quduqlar qazish ishlari bajarilgan. Bundan tashqari 12,7 milliard so‘mlik mahalliy budjet va homiylik mablag‘lari evaziga 175 kilometr ichimlik suv tarmoqlari qurilib foydalanishga topshirildi. O‘tgan yil davomida 279 ta obyektlarda tarmoq va inshootlar qurilishi amalga oshirildi. Natijada suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 110 ta mahalladagi 1600 ta xonadonda yashovchi 8500 nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi. O‘tgan yil yakuni bilan viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti bilan ta’minlanganlik darajasi 60,8 foizdan 62,9 foizga yetkazildi.


Raqamlar tizimda amalga oshirilgan ishlar haqida hikoya qilgandek bo‘ladi. Aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida tinimsiz faoliyat olib borilganini, islohotlar samarasini ko‘rsatadi. Bunga javoban esa biz nima qilamiz? Hattoki, sarflagan suvimizning-da, to‘lovini qilishga og‘rinamiz. Axir suvsiz yashab bo‘lmaganidek, kunlik ehtiyojlarimiz uchun ham suv sarflashimiz haqiqat-ku! Qachon bizda to‘lov madaniyati shakllanadiyu, risoladagidek iste’molchiga aylanamiz. Uyimizda gaz yoki elektr energiyasi o‘chsa, darhol to‘lovini qilishga shoshilamiz. Suvni hech kim uzib ketmayotgani uchun qadriga yetmaymiz. Termiz shahridagi Matbuot uyida “Surxondaryo suv ta’minoti” MCHJ tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi bilan birga yuqoridagi masalaga e’tibor qaratildi. Mas’ullarning, ommaviy axborot vositalari xodimlarining og‘riqli fikrlari har bir kishini o‘ylashga, mushohada qilishga chorladi. Demak, g‘aflatdan uyg‘onish vaqti keldi. Hechdan ko‘cha kech deganlaridek, kech bo‘lsa-da, suvni isrof qilmaylik, tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarining sa’y-harakatlarini qadrlaylik, amalga oshirilgan barcha ishlar biz uchun ekani yodimizdan ko‘tarilmasa bo‘lgani. Unutmaylik, “suv tekin emas!”

Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Happy kids”da hosil bayrami

Kuz fasli dehqonlarning hosiliga baraka kirib, yig‘im-terim boshlangan davr...

Oliy ma’lumotsiz psixologik yordam ko‘rsatish taqiqlanadi

Joriy yilning 5-noyabrida qabul qilingan «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish...

Ma’daniy o’rmonzor barpo etiladi

Atrofimiz bogʻ-u boʻstonga, yaxshillikka burkanar ekan, ekologiyamiz, olayotgan nafasimiz...

Umida Omonova gʻolib

Yoshlarning sportda, ijodda, sanʼatda va ilm-fanda iqtidor va isteʼdodlarini...
KunTun
KunTun