O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida “Milliy media makonda an’ana va zamonaviylik: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan mintaqaviy konferensiya doirasida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qashqadaryoda, jumladan, Dehqonobod tumanida aholiga qulaylik yaratish, bandligini ta’minlash, sohalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishgan OAV vakillari “Zarafshon tekstil” tikuvchilik korxonasining 12-filiali hamda “Dehqonobod kaliy zavodi” aktsiyadorlik jamiyati ish jarayonlariga guvoh bo‘ldi.
“Zarafshon tekstil” tikuvchilik korxonasining 12-filiali 2023-yilda Dehqonobod tumanidagi eng yirik loyihalardan biri sanaladi. Mazkur korxonada Turkiya texnologiyasi asosida yiliga qariyb 1,5 million dona erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari tayyorlanadi. “Zarafshon tekstil”ning ushbu filialida ayni kunda uch yuz nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ular uchun bepul tushlik va transport xizmati tashkil etilgan.
Korxona qoshida xotin-qizlarga tikish-bichish sirlari ham o‘rgatiladi. “Zarafshon tekstil”ga ishga qabul qilishda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan ayollarga ustunlik berilgan.
Press-tur qatnashchilari bo‘lgan Qashqadaryo va surxondaryolik jurnalistlarning keyingi manzili mamlakatimiz va Markaziy Osiyodagi yirik kaliy ishlab chiqarish korxonasi bo‘lmish “Dehqonobod kaliy zavodi” bo‘ldi. Jurnalistlarga zavod tarixi va bugungi kundagi faoliyati bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi.
– Zavodimizda joriy yilning 11 oyi davomida 668,8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, 23 ta davlatga 425 mlrd so‘mlik mineral o‘g‘itlar eksporti amalga oshirildi, – deydi “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ Boshqaruv raisining maslahatchisi Zebo Salimova. – Eksportning eng katta ulushi Yaponiya, Eron, Indoneziya, Latviya, V`etnam, Malayziya, Turkiya hamda Litva kabi davlatlarga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda jamiyatda 2 ming besh yuz nafarga yaqin ishchi faoliyat yuritmoqda. Shundan 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar 335 nafarni tashkil etadi.
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan «Dehqonobod kaliy zavodi» AJda 2008-yildan buyon ishlab kelayotgan tog‘-kon majmuasi yer osti kon tozalash va tayyorlash uchastkasi mashinisti Zokir To‘raqulov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani yurtimiz kimyo sanoati fidoyi va yosh xodimlariga qaratilgan yuksak e’tirof ramzi bo‘ldi.
Jurnalistlar kaliy o‘g‘itlari ishlab chiqarish sexlari, zavod laboratoriyasi, bu yerga keltirilayotgan xomashyo tayyor mahsulot holiga kelguniga qadar bo‘lgan texnologik jarayonlar bilan tanishdi.
OAV vakillariga “Yashil makon” umummilliy loyihasi, “Yashil belbog‘lar” yaratish loyihasi bo‘yicha korxona va unga tutash bo‘lgan hududlarda 120 ming daraxt ko‘chatlari (qayrag‘och, tuya archasi, bodom, olma, tok, aylant, qayrag‘och, na’matak va yasin), butalar (forzitsiya va devor guli) ekilgani haqida hamda jamiyat faoliyatiga oid savollarga “Dehqonobod kaliy zavodi” mas’ullari tomonidan batafsil javob berildi.