Konstitutsiya jamiyatning evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqadigan hayotiy zaruratdir. U davlatning milliy taraqqiyotini belgilab berish bilan birga xalqning har bir bosadigan qadamini aniqlab beradi. U huquq va majburiyatlarimizn majmui, u erkin va farovon hayotimiz garovi, barcha sohalarda imkoniyatlar eshigini ochib berguvchi kuch hamdir. Shuning uchun ham xalqimizning har bir vakil, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar har bir fuqaro konstitutsiya mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘lishi, bilishi shart va zarur. Aholini siyosiy jarayonlarga, jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan voqealarga daxldorlik hissini yanada oshirish, ularni vatanparvarlik, o‘zaro ahillik va shukronalik his-tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlab, Surxondaryo viloyatida 1-7-dekabr
kunlari “Konstitutsiya haftaligi” doirasida “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan huquqiy targ‘ibot, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Sho‘rchi tumanining “Xushchekka” mahallasida ham haftalik ko‘tarinki ruhda boshlandi va mahalla ahlining qiziqishini oshirdi. Birinchi navbatda, odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida “Konstitutsiya va milliy qadriyatlarimiz” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi, uning demokratik huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi, o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Zero, jamiyatimizda inson eng bebaho qadriyatdir, uning tinmay o‘sib borayotgan moddiy va ma’naviy ehtiyojini qondirish davlat organlarining eng oliy maqsadidir.
Shundan so‘ng, haftalik dasturi rejasidan joy olgan tadbirlarga start berildi. “Konstitutsiya baxtimiz qomusi” mavzusidagi insholar tanlovi asosiy qonunimizga befarq bo‘lmagan mahalla yoshlari, jumladan 12-umumta’lim maktabi o‘quvchilarini qog‘oz qoralashga undagan bo‘lsa, “Konstitutsiya kelajagimiz mash’ali” nomli rasmlar tanlovi surat chizishga ishtiyoqi baland yosh rassomlarn jamlab, tasavvur va taassurotlarini suratlarda aks ettirishga chorladi. Ranglar jilosi, ajib chizgilar bir butun kompozitsiya hosil qilib, suratlarni tomosha qilganga bir olam zavq ulashgani rost.
Mahalladagi 12-umumta’lim maktabining o‘quvchilari uchun barcha sinflarda “Konstitutsiya darslari” o‘tkazildi. Darsdan keyin tashkil etilgan shaxmat-shashka musobaqasi esa aqllarni charxlashga qo‘l keldi.
Haftalik 3-dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas” shiori ostida uch avlod uchrashuviga ulanib, yanada muhim ahamiyat kasb etdi. Unda yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirishdi.
El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi. Shundan so‘ng xayrli tadbir ishtirokchilari “Xushchekka” mahallasi qoshida tashkil etilgan kutubxona faoliyati bilan tanishishdi.
Mahallada tashkil etilgan tibbiy ko‘rik esa ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka va yolg‘iz fuqarolar, xotin-qizlarning salomatligini tiklash, tashxis va muolajaa olishlarida uzoqlarini yaqin, muammolarini zumda hal etilishiga xizmat qildi. Shu bilan bir qatorda Sho‘rchi tumani hokimligi, viloyat prokuraturasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mahallada nogironligi bo‘lgan shaxslarga sovg‘alar ulashildi.
Albatta, so‘zimiz boshidan Sho‘rchi tumanidagi “Xushchekka” mahallasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar haqida aytib, fikrlarimizni aslo tugata olmayotganimiz rost. Shu o‘rinda aytish kerakki, ushbu mahalla qiziqil hududga olingani sabab, “Obod xonadon — obod ko‘cha — obod mahalla” tamoyili asosida kun sayin ko‘rkamlashib borayotidan, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganidan mahalliy ahli-yu, kelib ketguvchi mehmonlar yaxshigina xabardorlar, ko‘rib-bilib turibdilar. Bu ishlarni ko‘z-ko‘z qilish maqsadida mahallada “Obod ko‘cha-obod xonadon” ko‘rik-tanloviga start berildi. Tanlov g‘oliblarini aniqlash maqsadida mahalladagi xonadonlar, ko‘chalarning toza-ozodaligi ko‘zdan kechirildi. Eng obod xonadonlar, ko‘chalar aniqlandi, g‘oliblar Konstitutsiya haftaligi bahonasida boshlangan tadbirlarda diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Haftalik bahonasida mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, mahalla ko‘chalarida suv minoralari o‘rnatildi. Mahalla binosi zamonaviy ko‘rinish kasb etib, ushbu binoning o‘zida o‘quv markaz, kutubxona va bog‘cha o‘z faoliyatini boshlagani, mahalladagi ishsiz, kasbu korsiz yoshlarni, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitib, bandligini ta’minlashga xizmat qilsa, ertangi kun egalarining bog‘chaga qamrovini oshirishga ham xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, kechagi “Xushchekka” bilan bugungisi tubdan farq qiladi. Bu farq, bu o‘zgarish va bunyodkorlik ishlari mahalla ahlining yuz-ko‘zida, kayfiyatida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Ular bugunidan mamnun holda ertangi kunga ishonch bilan qarashayotir.
Ha aytgancha, Konstitutsiyamizning 31 yilligiga bag‘ishlab viloyat prokuraturasi va tuman hokimligi tashabbusi bilan turli sport musobaqalari ham tashkil etildi. Xushchekkalik yosh yigit-qizlar sportning voleybol, futbol, yengil atletika turlari bo‘yicha musobaqashib, bor kuch va mahoratlarini ishga solishdi. Shijoatlari jo‘shib, vaqtlarini mazmunli o‘tkazishdi. Muhimi ularning sportga bo‘lgan qiziqishlari yanada oshib, ana shunday tadbirlar bilan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga kelishib olishdi.
Konstitutsiyamiz xushchekkalik katta-yu kichikning hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. Konstitutsiya haftaligi esa buning ahamiyatini yetkazishga xizmat qildi.
Sayyora ALLAYEVA