Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-17-noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida respublikada birinchi “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi”ni yaratish vazifasi belgilab berilgan edi. Ushbu vazifaning ijrosi sifatida Boysun tumanida “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish borasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Ayni jihatdan tuman markazida tashkil etilgan kutubxona kitobga oshno ko‘ngillar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda vohaning iste’dodli ijodkorlari, shoir va yozuvchilari, o‘quvchi-yoshlar jam bo‘ldi. Tadbirga mehmon sifatida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning tashrifi esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Shoir so‘zga chiqib, barchani ushbu ma’rifat oshiyoni bilan qutlab, o‘z samimiy tilaklarini bildirdi. Barchani kitobxonlikka chorladi.

— Men aminmanki, Boysun tumanida ziyolilar, kitobsevarlar hamda ilmga chanqoq yoshlar bisyor. Bu mo‘jazgina kutubxona butun respublikamiz, olis-olis hududlar, qolaversa, mahallalarda tashkil etilsa xalqimizni kitobga bo‘lgan muhabbati oshib boraveradi. Birinchi bo‘lib, tajriba sifatida ushbu kutubxonani Boysun tumanida o‘rnatilishi bejizga emas. Boysun tumanidan to‘rt nafar Xalq yozuvchisi va shoiri chiqqan. Shukur Xolmirzayev, Sattor Tursun, Erkin A’zam va kamina, — deydi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim, tuman hokimi Bohodir Shukurov, mutasaddi tashkilot rahbarlari, o‘qituvchilar, faxriylar, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etib, o‘zlarining eng sevimli o‘qigan asarlari va kitoblarini ushbu kutubxonaga topshirdilar. Mazkur mo‘jazgina kutubxonaga sovg‘a qilingan kitoblarni yoshlar, ziyoli qatlam, shuningdek, barcha kitobsevarlar mutolaa qilishlari uchun tashkil etildi.