Davlat kadastrlari palatasi Termiz shahar filiali: so‘ragan edingiz…

Date:

Har bir ko‘chmas mulk fuqaroning unga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng vujudga keladi. O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-noyabrdagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda. Shunga ko‘ra aholidan ham bu borada ko‘plab savollar tushadi. Davlat kadastrlari palatasi Termiz shahar filiali rahbari Sh.Suvonov bilan sohaga oid masalalar yuzasidan suhbatlashdik.


– Yo‘qolgan kadastr pasporti qanday tartibda tiklanadi?


– Avvalom bor ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki my.gov.uz portalida (YAIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda belgilangan shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil to‘ldiradi.
Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, so‘rovnomaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi. So‘rovnomaga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Kadastr (yig‘ma jildi) pasporti yo‘qolgan (yaroqsiz holga kelganda), qog‘oz yoki plastik shaklda yangi kadastr pasporti ikki ish kuni mobaynida beriladi.


– Qurilishi to‘liq yakunlanmagan uyga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish mumkinmi?


– Bunda bino va inshootning poydevorini hamda birinchi qavati devorlarini tiklash yakunlanganligi qurilishni boshlangan deb topish uchun asos bo‘ladi. Qurilishi tugallanmagan obyektlarga bo‘lgan huquqlar, bu obyekt joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin va loyiha tashkilotining mazkur obyektning qurilishi shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan loyiha asosida boshlanganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi ro‘yxatdan o‘tkaziladi va kadastr hujjatlari rasmiylashtiriladi.


Kadastr hujjatida belgilangan maydondan chiqmagan holda qurilish qilinsa, binoning tom qismi yopilgan, lekin ichki qismi bitmagan bo‘lsa, uni loyihalashtirib kadastr hujjatiga qo‘shtirish uchun nima qilish kerak, jarimasi bo‘lmaydimi?


– Unda Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ariza yuboriladi. Vazirlar Mahkamasining 200-son qaroriga ko‘ra, qurilish loyihasini tuman arxitektura bo‘limlari tasdiqlagandan so‘ng, binoga qurilishi tugallanmagan obyekt sifatida kadastr pasporti shakllantiriladi. Shuningdek, ushbu holatda jarima tatbiq etilmaydi.


– Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkasini boshqa odamdan sotib olib, o‘zining nomiga o‘tkazish tartibi qanday?


– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qarorining 1-ilovasiga asosan, yer uchastkalarini xususiylashtirish “Yerxususiylashtirish” AAT orqali amalga oshiriladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan mulk huquqi berilganligi yuzasidan Davlat orderi taqdim etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng, yer uchastkasini notarial tartibda oldi-sotdi qilsa bo‘ladi.


— Ko‘chmas mulkka egalik huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi haqida ma’lumot bersangiz?


—Ko‘chmas mulkka nisbatan tegishli huquq paydo bo‘lgach, 1 oy ichida ko‘chmas mulk davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, fuqarolarga BHMning 10 baravari (3,3 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 15 baravari (4,9 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi oliygoh ish boshladi

O‘zbekiston mustaqil, demokratik davlat sifatida o‘z dunyoviy va diniy...

20 nafar yoshga 50 sotixdan…

Bugungi kunda ishsizlik muammo emas. Yurtimizda ishsizlar bandligini ta’minlashning...

Kuniga 50 tonna…

“Temirxotin” filmini ko‘p bor tomosha qilganmiz. O‘sha yillar uchun...

Shartlar o‘zgardi

Albatta, kredit barcha muammolarga munosib yechim va ish boshlovchilar...
KunTun
KunTun