Surxondaryo viloyati ahlining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi haqida gap ketsa, 2021-yilda Termizda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yodga tushadi. Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoga alohida to‘xtalgan edi. O‘sha paytda hududda markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 60 foiz atrofida edi. Prezident bu borada «To‘palang» suv ombori ulkan va toza manba ekanini ta’kidlab, uni aholiga yetkazish bo‘yicha loyiha tayyorlash vazifasini qo‘ygandi.
Shundan so‘ng, ushbu loyihaga start berildi. O‘tgan muddatlarda «To‘palang» suv omboridagi suv viloyatning turli nuqtalariga quvurlar orqali yetib borish ishlari boshlab yuborildi va davom etayotir. Loyiha to‘la amalga oshgach, minerallarga boy obihayotdan qariyb 2 million aholi bahramand bo‘ladi.
Bu havzaga suv tog‘lardagi qor va muz erishidan yig‘iladi. Ushbu suvning qattiqlik darajasi 4 foiz ekanligi tekshiruvlar natijasida aniqlangan. Loyiha doirasida suv omboridan to Termiz shahrigacha 380 kilometr metall quvurlar tortiladi. Uning 159 kilometri magistral, 221 kilometri shahar va tumanlarni bog‘lovchi ichki tarmoqlardir. Shuningdek, suv tozalash, bosimni kamaytirish va suv yig‘ish inshootlari quriladi. Bugungi kunda 147 kilometr quvur tortib bo‘lindi. Suv tozalash, bosimni kamaytirish va 5 ta suv yig‘ish inshooti barpo etilgan.
16-noyabr kuni Sariosiyo tumani “Bog‘iston” mahallasida ushbu loyihaning birinchi bosqichini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, «obi hayot» yo‘lini ochdi.
Mazkur bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga yetib bordi. Viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70 foizga yetdi. Yana bir muhim jihati, suv o‘z oqimi bilan tushishi tufayli 8,6 million kilovatt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 millionga yaqin aholi bahramand bo‘ladi. Loyihani 2024-yilda nihoyasiga yetkazish mo‘ljallangan.