O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, muhim ijtimoiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Aytish kerakki, tashrif dasturi keng ko‘lamli bo‘lib, iqtisodiy yo‘nalishda gazni qayta ishlash, gidroenergetika, charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik loyihalari ko‘zdan kechiriladi. Ijtimoiy sohalarda ichimlik suvi ta’minoti, mahalla tizimi, sog‘liqni saqlash, yoshlar masalalariga e’tibor qaratiladi.
Dastlab buyuk olim Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duo o‘qildi.
Ulamolar bilan suhbatda bugun dunyoda turli nizo va urushlar bo‘layotgani, begunoh insonlar qoni to‘kilayotgani afsus bilan qayd etildi. Bu yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik qadrini yanada teran anglatib, insonda shukronalik ruhini uyg‘otadi. Bu ne’matlar ahamiyatini, Termiziy kabi bobolarimiz ilm-ma’rifatini yoshlarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi. Shu masalalar bo‘yicha Termizda ilmiy konferensiya o‘tkazish taklifi bildirildi.
Ziyoratdan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Boysun tumanida bo‘lib, “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda gaz koni bir necha o‘n yillar oldin topilgan. Biroq geografiyasi murakkab bo‘lgani, o‘sha paytda zamonaviy texnologiya va mablag‘ bo‘lmagani uchun hech kim ‘zlashtirishga botina olmagan. Shavkat Mirziyoyevning qat’iyati bilan bu borada amaliy qadamlar tashlandi. Davlatimiz rahbari 2019-yil aprel oyida bu yerda bo‘lib, dastlabki qidiruv va texnik-iqtisodiy asoslar bilan tanishgan edi. O‘sha yilning dekabrida zavodni qurish ishlari boshlandi.
“Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,9 milliard dollar bo‘lib, majmua yiliga 5 milliard metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.
Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish qariyb yakunlanib qolgan.
Zavodning loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. U eng ilg‘or ekologik talablarga mos bo‘lib, ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99 foiz zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Bunday uskunalar MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga o‘rnatilmoqda. Yana bir muhim jihati, zavod elektr energiyani ham o‘zi generatsiya qiladi, ham tuman aholisiga yetkazib beradi.
Davlatimiz rahbari shu yerda geologik qidiruv va seysmik tadqiqot ishlari yakunlari bilan tanishdi. Investorlar, konni o‘zlashtirishda qatnashayotgan mutaxassis va quruvchilar bilan suhbatlashdi.
– Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu bo‘yicha qaror ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Majmua Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Ayni paytda uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025-yilda to‘la quvvatga chiqadi. Zavod yurtimizdagi sakkizinchi gaz-kimyo majmuasi, Surxondaryodagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘ladi. Unda 1050 kishi yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi.
— Boysunliklar o‘z tumanida shunday ulkan zavod qurilgani, minglab yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lganini sezishi kerak. Endi bu majmua atrofida turdosh sohalarni rivojlantirish lozim, — dedi Prezident.
Shu yerda Boysun tumanidan topilgan yana bir kon – yonuvchan slanets konini o‘zlashtirish loyihasi taqdimot qilindi. Undan elektr energiyasi, neft va gaz olish imkoniyatlari haqida axborot berildi.