Qurilishga malakali mutaxassislar tayyor…mi?

Date:

Bugungi kunda fuqarolarni ish bilan ta’minlash dolzarb masala sanalishi shubhasiz. Vaholanki, bir vaqtning o‘zida mehnatga layoqatli barcha fuqarolarni ish bilan ta’minlash oson emas. Istaymizmi, yo‘qmi, oramizda ishsizlikdan aziyat chekayotgan fuqarolar ham talaygina. Bekorchilik esa ko‘plab ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi. Ayrim odamlar ish ishlab xorijiy davlatlarga ketishayotgani ham hech kimga sir emas. Biroq migrant sifatida o‘zga davlatga borib, sarson-sargardon bo‘lib, ikki ko‘zdek issiq mehnatiga “kuyib” qolayotgan vohadoshlarimiz ham yo‘q emas. Ming afsuski, fuqarolar o‘rtasida mana shunday holatlar tez-tez sodir bo‘lib turgani masalaning dolzabligini oshiradi.
Biroq migratsiya bilan bog‘liq bu kabi muammolarning, turi xil vaziyatlarning oldini olish, xorijga ishga ketuvchilarning munosib mehnat sharoitiga ega bo‘lishida mutasaddilar befarq emas. Vohada migratsiya, ayniqsa, qonuniy migratsiyani amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Migratsiya borasida yaratilgan qulaylik xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘layotgan fuqarolarni befarq qoldirmasligi aniq.


“Hech qanday kasb-hunarim yo‘q. Chet elga ishlashga borsam, nima qilaman, qanday pul topaman” deb ikkilanib o‘tirmasdan, Termiz shahri “Namuna” mahallasidagi Arxitektura va qurilish texnikumida joylashgan Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markaziga borasiz va vaziyatingizni tushuntirasiz. Mutaxassislar esa sizga markazdagi 15 xil yo‘nalishdagi o‘quv kurslarini taklif etidi. Siz esa qiziqishingiz va eplab, uddalab ketishingizga qarab, kurslardan biriga yozilasiz. Qurilish sohasida ishlash uchun elektrik, payvandchi, santexnik, maxsus mashinalarni boshqaruvchi haydovchilarni tayyorlovchi kurslar uch yarim oydan olti oygacha davom etadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘z ishining ustalari o‘rgatadi. Kursda o‘qiyotgan har bir o‘quvchi-shogirdlarni ham malakali mutaxassis sifatida tayyorlashadi.
Kurslarni tamomlaganlar uchun ahamiyatlisi, ushbu Markaz mahalliy va xorijlik ish beruvchilar bilan hamkorlikda yurtimizdagi va xorijdagi qurilish tashkilotlarida ishlashiga ko‘maklashadi. Qarabsizki, kursni tamomlashingiz bilanoq ish ham tayin. Kerakli hujjatlaringizgacha tayyorlab, ish manziligacha borishingizga yordam beradigan markazning xizmatidan rozi bo‘lish bilan birga mamnun ham bo‘lasiz.


— Markazimizda asosan rus tili va Rossiya davlatining tarixi o‘rgatib boriladi, — deydi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi boshlig‘i Shuhrat Nurmuhamedov. — Ishlashga ketadigan fuqarolar kundalik so‘zlashuvni bilishi va borgan davlatining tarixi, yashash tarzi, ijtimoiy-siyosiy hayotidan birmuncha bo‘lsa ham xabardor bo‘lishi kerak. Asosan, Rossiya Federatsiyasi bilan shartnoma asosida hamkorlikda ishlaganimiz uchun rus tili kurslari mavjud. Hozirda dasturga nemis tilini kiritishga harakat qilayapmiz. Sababi, Germaniya davlati bilan hamkorlikda ishlashni rejalashtirilayotir.
Ushbu markazda o‘qib, ish o‘ganish, qurilish sohasida malakali mutaxassis bo‘lish istagidagi fuqarolar uchun yilda 3 marta — aprel, avgust va dekabr oylarida Markazga qabul o‘tkaziladi. Hududlardagi mahallalar yoshlar yetakchilari hududlardagi aholi orasida ishsiz fuqarolarni aniqlab, ularning ehtiyojidan kelib chiqib, ishsiz fuqarolar markazda o‘quv kursalariga jalb etilmoqda.
O‘quv kurslarini tamomlaganlarning hammasi ham xorijga ishlashga ketmasa-da, asosiysi, mahalliy ish beruvchilarning taklifiga binoan ham ishga joylashishlari yoki o‘zlari mustaqil faoliyat yuritishlarida kursda o‘rganganlari qo‘l kelayotir.
2021-yilning apreldan buyon faoliyat olib borayotgan markaz minglab ishsiz fuqarolarning kasb-hunar o‘rganishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi, qolaversa, o‘zi va oilasini ta’minlashi uchun yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq kabi yo‘llarini yoritib kelmoqda. Joriy yilning o‘zida 149 nafar fuqaro ushbu kurslarni tamomlagan bo‘lsa, 120 nafari kasb-hunar sirlaridan bohabar bo‘lishayotir.

Bu kabi amaliy tashabbuslar ko‘plab fuqarolarga hunar o‘rgatish barobarida, xorijga ishlashga ketuvchilarning aniq va muqim ish joyiga ega bo‘lishi, migratsiyaning salbiy oqibatlarining olishda muhim qadamdir.
Migratsiyani amalga oshirishda, aholi vakillariga hunar o‘rgatishda vohada tizimli ishlarning amalga oshirilayotgani esa fuqarolarning aldanib qolmasligining garovi bo‘lib xizmat qilayotir.
Termiz shahridagi “Matbuot uyi”da hamkor tashkilotlar tomonidan “Xorijga mehnat migratsiyasiga borishning qonunchilik asoslari, noqonuniy migratsiyaning salbiy oqibatlari va odam savdosiga tushib qolishning oldini olish yo‘llari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati ayni shunday qizg‘in va muhim mavzularni qamrab olganligi bilan ahamiyatli. Davra suhbatida migrantlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning oilalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bu boradagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida xorijga mehnat migratsiyasiga borishning qonunchilik asoslari va uning afzalliklari, noqonuniy migratsiyaning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ham muhim ma’lumotlarga boy bo‘ldi.

Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi 29 ta stomatologiya poliklinikasi, xususan...

IQ darajasi oʻlchandi

Dunyo mamlakatlari aholisining oʻrtacha aqllilik (IQ) darajasi boʻyicha reyting...

Yuz kishidan ortsa, jarimaga tortiladi

Oʻzbеkistonda toʻylarni tartibga solishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqiladi. Bu...

“Bor mеhrimiz — shu Vatan uchun”

Muzrabot tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan oʻtkazilayotgan “Bor mеhrimiz —...
KunTun
KunTun