Kasaba uyushmalari mehnatkashlarning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ish faoliyati davomida ularning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot sanaladi. Shu jihatdan Kasaba uyushmalarini mamlakatdagi ommalashgan va a’zolari soni jihatdan eng ko‘p bo‘lgan jamoat tashkiloti sifatida e’tirof etishimiz mumkin. Bugungi kunda 14 ta sohaviy kasaba uyushmalari 32,4 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarga ega bo‘lib, o‘z safida 5,1 milliondan ortiq ishchi va mehnatkashlarni birlashtirgan.
Faoliyatimiz davomida huquqlarimiz poymol bo‘lyaptimi, kasaba uyushmalari uni tiklab, bizni himoya qiladi. Sohada yutuq va muvaffaqiyatga erishdikmi, kasaba uyushmalari munosib rag‘batlantiradi. Xullas, har qadamda, har nafasda biz bilan birga, bizning himoyachimiz sifatida kasaba uyushmalari tashkilotlari qalqondek turadi. 11-noyabr sanasining “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” sifatida belgilangani ham ushbu boshlang‘ich tashkilotning jamiyat hayotimizdagi o‘rni nechog‘lik ekanini ko‘rsatib turadi. Ushbu sana butun o‘zbek xalqining, mehnatkashlarining kuni, bayramidir. Bir necha yilki, Surxondaryo viloyatida ham ushbu kun o‘ziga xos bayram sifatida nishonlanib kelinadi. Bu safar ham Termiz shahridagi Afruz tantanalar saroyida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” bayrami yuqori kayfiyatda nishonlandi. Ushbu bayram shodiyonasida viloyat hokimligi, barcha sohalarda mavjud kasaba uyushlari xodimlari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida kechani tantanali ravishda ochib bergan Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Ilhom Saparov soha vakillarini tabriklar ekan, kasaba uyushmalarining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi haqida to‘xtaldi. Samimiy tilaklardan so‘ng, navbat taqdirlash marosimiga berildi.
Kasaba uyushmalari faoliyatidagi samarali mehnatlari, o‘tkazilgan tanlovlarda erishgan yuqori natijalari uchun bir guruh vohadoshlarimiz Kasaba uyushmalari federatsiyasining mukofotlari bilan taqdirlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi jamoa shartnomasi” ko‘rik-tanlovida “Termiz Daryo Porti” MChJ kasaba uyushma tashkiloti raisi Elmira Kalimulina g‘olib topilgani e’tirof etilib, munosib rag‘batlantirilgan bo‘lsa, Termiz “Mintaqaviy temir yo‘l uzeli” kasaba uyushmasi hududiy qo‘mitasi raisi G‘ulomjon Daminov O‘zbekiston kasaba uyushmasining oliy mukofoti “Ehtirom” nishoniga sazovor bo‘ldi. Albatta, bunday mukofotlar, e’tibor va e’tiroflar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Samarali mehnat, sidqidildan qilingan harakat, fidoyilikning mukofotidir bu. Bayram tadbiri davomida yuqori kayfiyat bilan mukofotlanganlarni olqishlab turganlarning qalbida kecha sababchilariga nisbatan havas va hurmat uyg‘ongani, ular ham ana shunday insonlardan namuna olishlari lozimligini anglab yetgan bo‘lsalar, ajab emas.
Kuni kecha “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini oshirish hamda ayollarning muammolarini hal etishda o‘zining samarali, fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida tanlovda 6 nafar mas’ullarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritib, ularning har biri 30 million so‘mdan pul mukofotini qo‘lga kiritishgan edi. Tadbir davomida g‘oliblarga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
— Mehnatu harakatlarim munosib baholanib, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” yo‘nalishida g‘olib bo‘lganimdan nihoyatda xursandman. Yurtimizda chin dildan mehnat qilsangiz, o‘z vazifangizni sidqidildan bajarib, xalqni qo‘lingizdan kelganicha, xizmat vakolatingiz darajasida qo‘llab-quvvatlasangiz, xizmatingiz besamar ketmas ekan. Bu rag‘bat meni ruhlantirdi, o‘z oldimga katta-katta maqsadlarni qo‘yib, faoliyatimni davom ettrishga kuch va shijoat bag‘ishladi, — deydi Qiziriq tumani “Navro‘z” mahallasi hokim yordamchisi Shuhrat Pardayev.
Tadbir bayramona yozilgan dasturxon atrofida davom etdi. Viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi muassasalar, viloyat Maqom ansambli, viloyat filarmoniyasi va Termiz shahar 1-son Madaniyat bo‘limi ijodiy jamoalarining hamkorlikdagi konsert dasturi namoyishi esa kasb bayramini nishonlayotganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)