“Tourist police” nimalarni kafolatlaydi?

Date:

So‘nggi yillarda turizmni rivojlantirish, turoperatorlar faoliyatini mustahkamlash, sayyohlar uchun zaruriy shart-sharoit yaratish hamda sayohatchilar xavfsizligini ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratilayotir.
Turizm rivojida, sayohatchilarning oqimi ko‘payishida, eng avvalo, tur operatorlarning, sayohatchilar uchun yaratilgan shart-sharoit, diqqatga sazovor joylar infratuzilmasi, shuningdek, sayohatchining xavfsizligi ta’minlanishi muhim. Tasavvur qiling, qizingiz yoki o‘g‘lingiz yoinki biror bir yaqin qarindoshingiz sahoyatga otlandi. Avvalo, uning xavfsizligi sizni o‘ylantirdi. Sayohatchilar bilan esa birgalikda politsiyachilar, ayniqsa, turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar hamrohlik qilsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Sayohatdan ham ko‘nglingiz to‘q bo‘ladi.
Ayni shu jihatlarni e’tiborga olib, Prezidentimizning “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tarkibida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etilib, joriy yilning 9 oyi mobaynida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Bu haqda viloyat “Matbuot uyi”da o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Viloyat hududidagi turizm namoyishi obyektlarida 4 ta “Tourist police” ko‘chma ma’lumotlar markazi, ya’ni butkalar o‘rnatilgan, bular Termiz shahridagi San’at saroyi, Arxeologiya muzeyi, Termiz tumanidagi “Al Hakim At-Termiziy” va Sherobod tumanidagi “Abu Iso Muxammad Imom At-Termiziy” majmualarida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi mas’ul xodimlari ajratilgan bo‘lib, doimiy ravishda xizmat olib borishmoqda. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining maxsus fondi hisobidan Termiz shahri “Yulduz” mahallasi hududidan 2 qavatli zamonaviy jihozlangan xizmat binosi qurib bitkazildi. Ushbu binoda xodimlar xizmat olib borishlari uchun kompyuter jamlanmalari va kerakli jihozlar bilan ta’minlangan alohida xonalar hamda situatsion markazi tashkil etilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchi turistlarning viloyat hududiga kirib kelishidan tortib, qaysi mehmonxonaga joylashib “E-mehmon” bazasidan ro‘yxatdan o‘tishi, sayyohlik obyektlariga borishi va qaytib chiqib ketishlari doimiy ravishda nazorati olib boriladi.


Hozirgi kunda, ushbu situatsion markaziga viloyat hududidagi sayyohlik namoyishi obyektlari, mehmonxonalar, aholi gavjum bo‘lgan joylar, chorrahalar, aeroport va vokzallardagi kuzatuv kameralari integratsiya qilingan bo‘lib, doimiy ravishda nazorati olib borilmoqda, qolaversa, sutkalik navbatchilik asosida xizmat olib borish davomida viloyatimiz hududiga tashrif buyuruvchi sayyohlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida qabul qilinib, tegishli yordamlar ko‘rsatib kelinadi.
Bundan tashqari, Xavfsiz turizmni ta’minlash xizmati faoliyatini aks ettiruvchi rus va ingliz tillarida hamda xodimlarning kerakli telefon nomerlari ko‘rsatilgan tarqatma bukletlar tayyorlangan bo‘lib, tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulay va tez fursatda zaruriy yordamlar ko‘rsatish maqsadida tarqatilib kelinmoqda.
O‘tgan davr mobaynida viloyatimizga jami 92 ta xorijiy mamlakatlardan 10 561 nafar chet el fuqarolari hamda 61 828 nafar mahalliy sayohatchilar tashrif buyurgan. Sayohatchilarning bari “E-mehmon” elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilib, vohaga tashrif buyuruvchi, Surxon sayohatiga oshiquvchi sayohatchilar soni kundan kun ortib borayotgani turizm yo‘nalishida, sayohatchilar xavfsizligini ta’minlashda amalga oshirilayotgan ishlar salmoqli ekanligidan dalolat.
Vaholanki, viloyatimizda diqqatga sazovor joylar, qadimiy va madaniy turizm obyektlari bisyor, bir so‘z bilan aytganda, har bir maskanda sayohatchilarni rom eta oladigan o‘ziga xos joylar talaygina.
O‘tgan davr mobaynida xorijiy va mahalliy sayyohlarga nisbatan yoki ular tomonidan jinoiy va ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilmagan. Turistlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar qayd etilmagan.

Tashrif obyektlarida xizmat olib borayotgan Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga turli masalalarda yordam so‘rab 2 398 nafar xorijlik va mahalliy turistlar murojaat qilgan. Shundan, 3 tasi tibbiy yordam ko‘rsatish, 1 297 tasi manzildan adashgan va yo‘nalish ko‘rsatish, 1 098 tasi turistlarga xizmat ko‘rsatishga doir boshqa masalalarda murojaat qilgan va ularning barchasiga zaruriy yordamlar ko‘rsatilgan.
Turistlarga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining madaniyati va mehmondo‘stlik fazilatlarini yuksaltirish maqsadida, joylarda 108 marotaba uchrashuvlar va 28 marotaba boshqa xizmatlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazilgan.
Xavfsiz turizm yo‘nalishida sayohatchilar uchun kuzatuv xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xususan, joriy yilning 9 oyi davomida 43 marotaba ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlarini respublika hududi bo‘ylab sayohatlar uyushtirilib shartnom asosida kuzatuv ishlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, viloyat hududidagi tarixiy va madaniy meros hamda turizm namoyishi obyektlari atrofida qo‘shimcha qulayliklar yaratish, atrof-muhit tozaligi va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu o‘rganish davomida, aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi va qo‘shimcha jihozlarni o‘rnatilishi yuzasidan obyektlar mas’ullariga va tegishli mutasaddi idoralarga taklif va taqdimnomalar kiritilib kelinayotir.
Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi sayohatchilarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun 4 ta yengil avtomashina, 5 ta mototsikl, bitta avtobus hamda 5 ta skuter, shuningdek, 6 ta sigvey bilan ta’minlangan.

Adolat MO‘MINOVA,
Islom MENGLIYEV,
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Fayz” savdo markazi ochildi…

Bugun Bandixon tumani aholisi uchun unutilmas shodiyona kun...

“G‘armaqo‘rg‘on” yo‘llari asfaltlanmoqda

Ko‘chalarimizning notekis o‘nqir-cho‘nqirligi nafaqat kayfiyatimizga balki xavfsizligimiz uchun ham...

Jarimasi bor…

Telefonsiz hayotimizni tasavvur eta bo‘lmas darajaga yetganmiz. Uyda ham,...

Yig‘im-terim avj oldi

Kuz fasli qishloq xo‘jaligi sohasida yil davomida amalga oshirilgan...
KunTun
KunTun