Tog‘lar qo‘ynida joylashgan Boysun tumanida “Olma sayli” ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi. Bu borada prezidentimizning joriy yilning 24-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. “Yoshlar bog‘i”da tashkil etilgan festivalda turfa olma mevalari, milliy taomlar va milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi barchaning e’tiborini tortdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sarxil meva yetishtirish uchun katta imkoniyat va qulay muhit yaratilgani, bog‘dorchilikning intensiv usullari keng joriy etilayotgani boysunlik sohibkorlarning sohaga qiziqish va intilishini yanada oshirdi. Ayni paytda tog‘li tumanda yuzga yaqin fermer, tadbirkor va dehqon xo‘jaligining 624 gektar olma bog‘i mavjud. Joriy yilda bog‘bonlar 248 gektar hosilga kirgan olmazordan olti ming tonnadan ortiq meva terib yig‘ib oldi.
Olma parvarishlashda boysunliklarning o‘ziga xos tajribasi bor. Shuning uchun ham ular yetishtirayotgan olmalar mazali va sersuv. Qolaversa, so‘nggi yillarda Krepson, Simirenko, Golden, Karlik kabi ko‘plab turdagi serhosil olma navlarini parvarishlashga ham e’tibor kuchaydi. Ayniqsa, purviqor tog‘larga tutashib ketgan Duoba, Xo‘jaidod, O‘rmonchi, Machay, Darband, Avlod kabi mahallalarda yetishtirilgan olmalar mo‘tadil quyosh nuriga to‘yingan va servitaminligi, xaridorgirligi bilan mamlakatimizdan tashqarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Surxondaryo viloyat va tuman hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbir viloyatimizning, ayniqsa, so‘lim Boysunning turizm salohiyati xorijiy hamda mahalliy sayyohlarga keng namoyish etilib, agroturizmni targ‘ib qilish, olma yetishtirish, uning eksportini yanada rivojlantirish, sohibkorlarning tog‘li hududlarda olma parvarishlash va yetishtirishdagi yutuq hamda boy tajribasi ommalashtirishni maqsad qildi.
Festivalda olma yetishtirishda “Eng faol mahalla”, “Eng faol tashkilot”, “Eng shirin olma bog‘i yaratuvchisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Estrada va folklor jamoalarining qiziqarli kontsert dasturi namoyish etildi.
“Olma sayli”da…
Date: