Kredit-modul tizimi mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga ta’limning amaldagidan ko‘ra ancha mukammal tizimni olib kirdi. Unga ko‘ra, universitetda o‘tiladigan har bir fan undagi o‘qish yuklamasi miqdoriga qarab, kreditlarda aks etadi. Masalan, har bir fan o‘rtacha 5, 6 yoki 7,5 kreditlarda aks etishi mumkin. Talaba esa har semestr, o‘quv yilida muayyan miqdorda kreditlar to‘plab borishi mumkin va bu miqdorga qarab, unga bakalavr yoki magistr darajasi beriladi.
ECTS kredit-modul tizimida bir yillik kreditlar miqdori 60 ni tashkil etadi. Bir o‘quv yili 2 semestrdan iboratligini hisobga olsak, talaba o‘qishi davomida har semestrda 30 kredit to‘plab borishi kerak. Bakalavr dasturi odatda 4 yilligi hisobga olinsa, talaba ushbu darajani qo‘lga kiritish uchun jami 240 kredit, magistratura dasturini tugallash uchun esa 120 kredit to‘plashi talab etiladi.
Kreditlar shunchaki raqamlar emas. Har bir kredit talaba bajarishi kerak bo‘lgan ma’lum miqdordagi o‘qish yuklamasini bildiradi. ECTS kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25-30 soatlik o‘qish yuklamasini anglatadi. Bu agar fan 6 kreditli fan bo‘lsa, talaba ushbu fan bo‘yicha belgilangan miqdordagi kreditlarni qo‘lga kiritish uchun semestr davomida 150-180 soatlik o‘qish yuklamasini bajarishi kerak bo‘ladi degani.
Shunday ekan, kredit-modul tizimini joriy etgan OTMlarda talabalar har bir fan uchun belgilangan kreditlar miqdoriga qarab, o‘qish hali boshlanmasdanoq har bir fanni o‘qish va o‘rganishga qancha vaqt sarflashlari kerakligini bilib oladilar. Bu ham ta’limda shaffoflikning bir ko‘rinishidir. 1 kredit o‘qish yuklamasi (25-30 soat oralig‘ida) aynan necha soat bo‘lishini odatda har bir OTM o‘zining ichki qoidalarida belgilaydi.
Shuni ta’kidlash kerakki, 1 kredit uchun belgilangan 25-30 soatlik o‘qish yuklamasi bu fanni o‘rganish uchun sarflanadigan jami harakatlar jamlanmasi bo‘lib, unga nafaqat dars vaqti, balki talabaning fanni o‘rganish uchun uyda va kutubxonada sarflagan vaqti, imtihonlar vaqti, qo‘yingki talaba ushbu fanni o‘zlashtirish uchun sarflagan barcha tizimli harakatlari vaqtini qamrab oladi. Shunda talabada ushbu umumiy o‘qish yuklamasining aynan qancha qismi darsga, auditoriya soatlariga to‘g‘ri keladi degan savol tug‘ilishi mumkin. Kredit-modul tizimi amaliyotida auditoriya va mustaqil o‘qish soatlari nisbati o‘rtacha 40/60 foizni tashkil etadi. Bu nisbat, boshqacha qilib aytganda, 1/1.5ga to‘g‘ri keladi, ya’ni talaba muayyan fan bo‘yicha belgilangan har bir soat dars uchun darsdan tashqari bir yarim soat mustaqil o‘qishi, tayyorlanishi kerak bo‘ladi.
Agar kredit-modul tizimi to‘g‘ri va to‘liq joriy etilsa, u mamlakatimiz oliy ta’lim tizimiga juda katta ijobiy xususiyatlarni olib kirishini kutish mumkin.
Dinara Qo‘zimurotova