“Dolzarb 40 kunlik” boshlandi

Date:

Insoniyatni o‘rab turgan borliq, tabiat aynan biz uchun yaratilgan degan faraz bilan undan istagancha foydalanamiz, isrofga yo‘l qo‘yamiz. Istaklarimiz, ehtiyojlarimizning esa oxiri ko‘rinmaydi. Alal oqibat ekologik muammolarga duch keldik. Ekologiya buzildi, Orol quridi, cho‘llanish yuzaga kelib, ekotizim yemirildi, havo va suv ifloslandi. Bunday holatlar global muammolarga debocha bo‘ldi. Shundan keyingina insoniyat xatosini tushunib, ekologik madaniyatni uyg‘otishga, muammolarga qarshi kurashishga nisbatan xavf qo‘ng‘irog‘ini chalib, ommaviy kurashishni boshladi. Xususan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida muvozanatni saqlashga harakat boshlab yuborilgan. Ushbu loyihalar va harakatlarda tabiatni muhofaza qilish, kelgusi avlodlarga bus-butunligicha yetkazish maqsadi mujassam. Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi esa bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi. Qisqa vaqt mobaynida ushbu loyiha umummilliy harakatga aylanib, qadriyat tusini oldi.
Mohiyatan olib qaraganda, daraxtlar zaharli karbonad angidridni yutib, toza kislorod ishlab chiqaradi. Qolaversa, daraxtzorlar chang-to‘zon ko‘tarilishining oldini oladi, shovqinni pasaytiradi. Toza havoda, yashil manzarali bog‘-u xiyobonda sayr qilish esa har birimiz uchun foydali. Kayfiyatimizni ko‘tarib, organizmimizni tetiklashtiradi. Shu jihatdan, bobolarimiz daraxtning soyasi va mevasining foydasi haqida ibratli fikrlarni bejizga aytishmagan.
“Yashil makon” loyihasi ham yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirishga, xalqni bir maqsad yo‘lida birlashtirishga xizmat qilayotir. O‘tgan yillar mobaynida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar xalqimiz uchun tajriba va sinov vazifasini o‘tadi. Barchamiz loyihaga javoban “labbay” degandek, mevali va manzarali daraxtlarning ko‘chatini, topganimiz va imkoniyatimiz darajasida tomorqamizdan o‘sib chiqqan ko‘chatlarni yoki daraxtlardan qalamchalar olib, ekishga harakat qildik. Bu ko‘chatlarning qanchasi tutdi, qanchasi esa yo‘q. Ammo, bu yo‘ldagi harakatlarimiz to‘xtab qolmadi, balki tajribamiz oshdi. Endi qayerda qanday ko‘chat ekishni bilamiz. Tuproq unumdorligiga, ko‘chatning suvga chidamliligiga, iqlim o‘zgarishlariga ham e’tibor qaratamiz. Ayniqsa, endi har bir ko‘chatning egasi, qaroviga mas’ul shaxslarning borligi ham ularning qurib-qovjirab qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.
An’anaga aylangan “Yashil makon” loyihasi mamlakatimizdagi yashil maydonlarni 8 foizdan 30 foizga oshirishni reja qilgan. To‘g‘ri, ko‘chat ekishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu vaqt va mablag‘, mehnat talab etadi. Ayni jihatlarni hisobga olgan holda, loyihaning huquqiy jihatlari Prezidentimiz qaror va farmonlarida mustahkamlab qo‘yildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlanganidan o‘tgan 2 yilda uy-joy massivlarida 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bog‘ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Joriy yilda 25-oktyabrdan 1-dekabrgacha, “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilindi, uning doirasida 85 million tup ko‘chat ekish reja qilingan. Bunda barcha darajadagi rahbarlar, vazirlar, hokimlar, mahalla faollari, jamoat arboblari, nuroniylar, san’atkor va sportchilar, mashhur blogerlar o‘rnak ko‘rsatishadi. Eng avvalo, loyihani amalga oshirish uchun Respublika shtabi tashkil qilinib, Fanlar akademiyasi, Tuproqshunoslik, O‘rmonchilik institutlari, o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari ham shtabga a’zo qilindi. Shtab tuproq tahlili, iqlim sharoiti asosida qayerga, qachon, qaysi ko‘chat turini qancha ekishni belgilab beradi.
Umummilliy harakat bo‘yicha loyiha start olgan kundan boshlab Surxondaryo viloyatida hududlar bo‘ylab ko‘chat yarmarkalari tashkil qilindi. Birgina viloyatning o‘zida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi bo‘yicha 6,803 million dona mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlarining manzilli dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Mavsumni uyushqoqlik bilan boshlash, o‘tgan yillardagi xatoliklarni takrorlamaslikni e’tiborga olgan holda OAV orqali tele va radio roliklar, materiallar berib borilmoqda. Mavsum boshlangan kundan boshlab, avtomobil, temir yo‘l, daryo va kanallar yoqalarida daraxt ko‘chatlari ekilib, ushbu hududlarda obodonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda. Albatta, daraxt ekishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida, aholini rag‘batlantirish choralari ham ko‘rilgan.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi joriy mavsumda har bir mahallaga 200 tadan ko‘chatni bepul yetkazib bersa, har bir viloyat hokimi 300 ming dona ko‘chatni mahallalarga tekinga tarqatmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlarning monitoringi yuritilayotgani esa hech bir niholning nobud bo‘lishiga, qarovsiz qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu sababdan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan “Yashil makon” loyihasining texnik ta’minoti yuritilmoqda. 60 ta planshet, 100 nafar xodim, 1 ta dron va uchuvchisiz apparat, 30 ta vlagomer orqali “Yashil makon” yagona electron platformasi yuritiladi. Bu orqali ko‘chatlarning elektron hisobi olinib, fototasdig‘i va geolokatsiyasi joylashtiriladi. Mas’ul shaxs biriktilib, sug‘orish tizimi ham kiritiladi. Bordi-yu, mas’ullar e’tiborsizlik va kamchilikka yoʻl qoʻysa, ularga tegishli chora koʻriladi.
Ko‘pchilikning birdamligi asosida amalga oshirilayotgan ushbu harakat natijasida hududlarda cho‘llanishning, chang-to‘zon ko‘tarilishining oldi olinadi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Ertangi kunni, kelajakni oʻylab amalga oshirilayotgan ushbu ezgu tashabbus atrof-muhit musaffoligini saqlash va tabiiy resurslar muhofazasini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kichik inspektor lavozimi joriy etiladi

Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari joriy...

Kambag‘al oilalarga subsidiya ajratiladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari...

Termiz “Inklyuziv” shaharga aylanmoqda

So‘nggi paytlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzu — inklyuziyadir....

Kitob o‘qisa, jazo muddati qisqartiriladi

Kitob o‘qishni foydasi haqida bot-bot to‘xtalamiz. Dunyoqarashimizni kengaytiruvchi kitoblarning...
KunTun
KunTun