Ichki ishlar sohasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, soha xodimlarining jonbozlik ko‘rsatayotganiga, amin bo‘lamiz. Ayni ularning xizmati bilan Surxondaryo viloyatidagi 38 foizdan ortiq (276 ta) mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Raqamlarga boqadigan bo‘lsak, viloyatimizda 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 132 tadan jinoyat to‘g‘ri keladi va respublikada hududlar o‘rtasida ijobiy 3-o‘rin qayd etildi. “Qizil” toifadagi mahallalar soni o‘tgan yilga nisbatan, 104 taga yoki 38,5 foizga kamaygan. To‘g‘ri, jinoyatchilikning bittasi ham ko‘p, tinchiligimiz, osoyishtaligimiz uchun xavf belgisini anglatadi. Ammo, jinoyatdan holi hudud bo‘lishga birdaniga erishib bo‘lmaydi.

Maqsadga yetish yo‘lida ichki ishlar xodimlari tinimsiz mehnat qilib, kerakli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishdan, tekshirishu nazoratdan to‘xtashayotgani yo‘q. Shu sabab doimiy sergaklik, profilaktik tadbirlar natijasida kunlarimiz tinch va osuda, xavf-xatarsiz hayot kechiryapmiz. Ular tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida 3 500 dan ortiq (3 533 ta, 95,1 %) jinoyatlar fosh etildi, 464 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, jazo tayinlandi. 109 kilogramdan ortiq giyohvandlik moddalari, jumladan, 990 gramdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop tabletkalar sotilishining oldi olindi. Bu qanchadan-qancha insonlarning hayotini asrab, xonadonlarni muqarrar halokatlardan asrab qoldi degani.

Albatta, Surxondaryo viloyatida bu kabi ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, ularning ortida Ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli mehnatlari turibdi.

Har yili 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifati keng nishonlanib, ularning mehnatlari e’tirof etiladi, rag‘bat topib kelinadi. Bu yil ham sana munosabati bilan hamda Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 32 yilligiga bag‘ishlab katta bayram tadbiri tashkil etildi. Termiz shahridagi “Muhtasham” tantanalar saroyida boshlangan kechaga davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, viloyat ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan fidoyi o‘g‘lonlarning oila a’zolari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Bayram sababchilarini qutlash maqsadida tadbirga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tashrif buyurib, tinch, osuda hayotimiz qo‘riqchilari, huquq va erkinliklarimizning ishonchli himoyachilarini kasb bayramlari bilan samimiy tabrikladi.

Shundan so‘ng, samarali xizmatlari uchun taqdirlangan bir guruh xodimlarga Ichki ishlar vazirligining ko‘krak nishonlari, pul mukofotlari, shuningdek, viloyat hokimi va viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliqlari, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Bayram to‘kin dasturxon atrofida davom etdi. Qiziqarli kontsert dasturi esa barchaga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.
S.Normurodova