Yurtimizda kuz fasli kelishi o‘z tarovati bilan tabiatni turfa ranglarga burkadi. Borliq butun go‘zalliklarini ko‘z-ko‘z qildi. Ona zamin o‘z sahovatini ayamasdan turli noz-ne’matlarini hadya qildi. Bu fasl yozning issiq va qishning ayozli kunlarini eslatib turuvchi o‘zgaruvchan ob-havosi hamda qishgi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerakligini eslatib turishi bilan ham ahamiyatlidir.
Bu yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tuman hududida joylashgan aholi turar joylari, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxona va tashkilotlar, ayniqsa, o‘quv muassasalari, nogironlar va qariyalar uylari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda shifoxonalarning yong‘inga qarshi kurash holati nazoratdan o‘tkazilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ishlarning keng qamrovda bajarilishini ta’minlash maqsadida tuman hududida joylashgan har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi ishtirokida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Kuz-qish mavsumida aholi turar joylarida isitish moslamalaridan foydalanish holatlari ko‘payishini inobatga olib, gaz plitasini o‘zboshimchalik bilan yong‘in xafsizligi talablariga javob bermaydigan joyga ko‘chirish, rezina shlang orqali ulab ishlatish hamd qo‘lbola elektr isitish uskunalaridan foydalanish kabi holatlar baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkinligi, sodir bo‘layotgan yong‘inlarning qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi tushuntirilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda respublika hududiga qo‘shni mamlakatlarda ishlab chiqarilgan talabga javob bermaydigan gaz plitalari va elektr uskunalarining olib kelinayotganligi alohida ta’kidlanmoqda. Gaz isitish pechlaridan ajralib chiqadigan is gazi insonlarning zaharlanishi oqibatida hayotdan erta ketishayotganligi ham bunga misol bo‘la oladi.
Aholi orasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan hali-hamon bu kabi ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘lmoqda. Yong‘inning oldini olish, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarga beparvo bo‘lmasdan, yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘la amal qilish, uylar dudbo‘ronlarini vaqtida tozalash, elektr va gaz moslamalarini doimo sozligini nazorat qilish orqali davlat mulkini va o‘z mulklarini asragan bo‘ladilar.
A.Rustamov,
Termiz tuman FVB Tezkor bo‘linmasi
boshlig‘i, leytenant,
M. QODIROVA,
Termiz tuman FVB Profilaktika va nazorat
bo‘linmasi kichik inspektori