To‘kin, farovon hayot har bir shaxsning orzusi, maqsadi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bunday turmush tarziga erishish uchun har kim o‘zicha harakat qiladi, intiladi. Ammo, bunda mas’uliyatning katta qismi davlat rahbarining zimmasida ekanligi shubhasiz. Turli farmon, farmoyish, qonun-u strategiyalar ham aynan shu maqsadlar ko‘zlangan holda o‘rtaga tashlanayotir. Ya’ni, unda har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish masalalari nazarda tutilgan.
“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan Termiz shahridagi Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi yig‘ilishlar zalida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi deputatlari, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlari, kotibiyat mudirlari, tibbiyot xodimlari, ta’lim sohasi, nodavlat notijorat tashkilot, siyosiy partiyalar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini sifatli hamda o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari Abdurahmonov Abdurasul kirish so‘zi bilan ochib berdi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad ko‘zlanganligi ishtirokchilarga anglatildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston —2030” strategiyasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, takliflar olish hamda olingan takliflarni regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz hamda 2030.strategy.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirishdan iboratdir.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarni to‘laqonli amalga oshirishda barchamizdan mustahkam iroda va qat’iy intizom, bor imkoniyatlarni to‘la safarbar etish talab etiladi. Albatta, bunda har birimiz faol bo‘lishimiz, bir kuch, bir qudrat bo‘lib Yangi O‘zbekistonni barpo etishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Tadbir davomida strategiyani amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, mas’ul idoralar tomonidan yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati va jamoatchilik monitoringi kabi tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Tadbirda ishtirokchilar faol qatnashib, bir qancha takliflar berishdi hamda fikr-mulohazalar muhokama qilindi. Yakunda esa yangi strategiyaning ijrosini ta’minlashda barcha birdek mas’ul ekanligi va belgilangan maqsadlarga bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish orqaligina erishish mumkinligi xulosa qilindi.
Dildora Vahidova,
Islom Mengliyev
(surat)