Bag‘rikenglik — kundalik hayotimiz mezoni

Date:

Bugun dunyo murakkab siyosiy jarayonlar, geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli mojarolar va turli ijtimoiy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan davrni boshdan kechirmoqda. Ayrim mintaqalarda millatlararo va diniy nizolar jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid solayotgan bir sharoitda turli millat va elat vakillarining tinch-totuv yashashi, o‘zaro hurmat va ishonch muhitini saqlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday vaziyatda bag‘rikenglik shunchaki ezgu fazilat emas, balki davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim ijtimoiy-siyosiy omiliga aylanmoqda.

Buning bejiz emas. Har yili 16-noyabr butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanadi. 1995-yilda YUNESKO tomonidan qabul qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risida”gi deklaratsiyada ushbu tushuncha tinchlik, inson huquqlari, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo hamjihatlikning muhim asosi sifatida e’tirof etilgan. Zero, bag‘rikenglik faqat o‘zgalar qarashlariga toqat qilish emas, balki ularning tili, e’tiqodi, madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlarini hurmat qilish, umumiy manfaatlar yo‘lida hamkorlik qila bilishdir.

O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat sifatida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilagan. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham inson qadri, uning millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari yagona Vatan ravnaqi yo‘lida tinch-totuv istiqomat qilmoqda. Ularning milliy o‘zligi, tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylashi uchun 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Ta’limning 7 ta tilda olib borilishi, ommaviy axborot vositalarida 12 ta tilda eshittirishlar uzatilishi, gazeta va jurnallarning 14 ta tilda nashr etilishi mamlakatimizda milliy xilma-xillikka ijtimoiy boylik sifatida qaralayotganining amaliy ifodasidir.

Millatlararo totuvlik siyosatining samarasi faqat madaniy tadbirlar yoki ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot bilan belgilanmaydi. Turli millat vakillarining davlat va jamiyat boshqaruvida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi ham muhim mezondir. Xususan, 35 ta etnik guruhga mansub qariyb 5 ming nafar davlat xizmatchisining faoliyat yuritishi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 12,7 foizi, mahalliy Kengashlar deputatlarining esa 11,2 foizi turli millat vakillaridan iborat ekani bu boradagi imkoniyatlarni ko‘rsatadi.

Bu raqamlar zamirida muhim tamoyil mujassam: inson jamiyat hayotidagi o‘rni va imkoniyatlari bilan millati yoki e’tiqodiga qarab emas, balki bilimi, salohiyati va mehnati bilan baholanishi kerak. Zero, teng imkoniyatlar va o‘zaro ishonch qaror topgan jamiyatdagina fuqarolarni umumiy maqsadlar atrofida birlashtirish mumkin.

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash jarayonlari millatlararo munosabatlarda ham zamonaviy yondashuvlarni talab etmoqda. Bunda qonunlar va davlat dasturlari bilan bir qatorda, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonch, hamkorlik va daxldorlik hissini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtayi nazardan, milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, turli etnik guruhlarning madaniy merosini asrash, yoshlarni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash va jamoatchilik muloqotini kengaytirish dolzarb vazifalardandir. Ayniqsa, global axborot makonida millatlararo adovatni qo‘zg‘atuvchi asossiz xabarlar, haqoratli munosabatlar va salbiy stereotiplar tarqalishi xavfi ortayotgan bir paytda axborot madaniyati hamda mediasavodxonlikni oshirishga ham e’tibor qaratish zarur.

Zero, millatlararo totuvlikni ta’minlash faqat davlat idoralari yoki milliy madaniy markazlarning vazifasi emas. Bu qadriyat oiladagi tarbiyadan boshlanib, ta’lim muassasalari, mahalla, mehnat jamoalari va ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Demak, har bir fuqaroning kundalik xatti-harakati, o‘zgalar huquqi va qarashlariga munosabati ham jamiyatdagi bag‘rikenglik muhitiga ta’sir ko‘rsatadi.

Aynan shu maqsadlarga xizmat qiladigan tashabbuslardan biri sifatida 16–21-noyabr kunlari respublikamiz hududlarida “Bag‘rikenglik haftaliklari” o‘tkazilmoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilayotgan haftalikdan ko‘zlangan maqsad millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashdan iborat.

Haftalik doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, fotoko‘rgazmalar, adabiy uchrashuvlar, ekskursiyalar, sport musobaqalari va intellektual bellashuvlar o‘tkazilishi belgilangan. Jumladan, 17-noyabr kuni Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida AQSH, Shvetsiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Qozog‘iston, Germaniya, Qirg‘iziston va Hindiston diplomatlari, olimlar hamda diniy konfessiya vakillari ishtirokida “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Mazkur tashabbuslar Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovda amalga oshirilmoqda. Hududlarda o‘tkazilayotgan tadbirlarning asosiy e’tibori, avvalo, yoshlar ongida milliy va diniy bag‘rikenglik, millatlararo do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik qadriyatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Jumladan, 17-noyabr kuni Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida o‘tkazilgan tadbirda xorijiy oliy ta’lim muassasalari, xususan, Malayziyadan kelgan olimlar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Unda yoshlar tarbiyasi, xalqaro hamkorlik va millatlararo munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni Oltinsoy tumanidagi 53-maktabda Respublika Tojik milliy madaniy markazining tuman bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Termiz tumanidagi 3-maktabda o‘zbek va turkman o‘quvchilari ishtirokida “O‘zbekiston — bag‘rikenglik diyori”, Termiz shahridagi 13-maktabda esa “O‘zbekiston — umumiy uyimiz!” shiori ostida uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda turli millat vakillarining tili, madaniyati va milliy qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishning ahamiyati ta’kidlandi.

16–19-noyabr kunlari Jarqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham turli millat vakillarining urf-odatlari va an’analarini asrab-avaylash, do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi. Termiziy nomidagi islom institutida “Millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik — samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda esa Islom dinining insonparvarlik, tinchliksevarlik, ezgulik va o‘zaro hurmatga asoslangan qadriyatlari haqida so‘z yuritildi.

Haftalik doirasidagi yana bir muhim tadbir 18-noyabr kuni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tdi. Unda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, jamiyatda o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini qaror toptirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh vohadoshlarimizga “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Bu e’tirof yurtdoshlarimizning ezgu faoliyatiga berilgan munosib baho bo‘lish bilan birga, jamiyatda tinchlik, totuvlik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar qadrlanayotganini ham anglatadi.

Albatta, bunday tadbirlarning ahamiyati ularning soni yoki qamrovi bilangina emas, balki jamiyat hayotida qanday amaliy natija berishi bilan belgilanadi. Shu bois ta’lim muassasalari, mahallalar va milliy madaniy markazlar hamkorligidagi ishlar bir martalik uchrashuvlar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Ularni doimiy muloqot, qo‘shma tashabbuslar va yoshlar ishtirokidagi amaliy loyihalar bilan davom ettirish muhim.

Bugungi kunda iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy adolat va demokratik islohotlarni barqaror jamiyat muhiti bilan uyg‘unlashtirish mamlakatimiz oldidagi muhim vazifalardan biridir. Buning uchun turli millat va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonch, qonun oldida tenglik, jamiyat hayotidagi faol ishtirok hamda umumiy Vatan taqdiriga daxldorlik hissi mustahkam bo‘lishi zarur.

Bag‘rikenglik bayram kunlari yangraydigan shior yoki tadbirlar doirasidagi targ‘ibot bilan cheklanmasligi kerak. U, eng avvalo, insonning kundalik munosabatida, o‘zgalar huquqini hurmat qilishida, turli fikrlarga xolis yondashishida va umumiy manfaat yo‘lida hamkorlik qila olishida namoyon bo‘ladi.

“Bag‘rikenglik haftaliklari” doirasidagi tadbirlar ham ana shu qadriyatlarni kundalik hayotimizga chuqurroq singdirishga xizmat qilishi lozim. Eng muhimi, haftalik yakunlangach ham shakllangan do‘stlik va hamjihatlik muhiti davom etishi, har bir mahalla, ta’lim muassasasi va jamoatchilik tuzilmasi faoliyatida o‘z ifodasini topishi kerak. Zero, millatlararo totuvlik — shunchaki bir hududda tinch yashash emas, balki birgalikda bunyod etish, taraqqiy etish va umumiy kelajak uchun mas’uliyatni his qilishdir. Bu esa har birimizdan bag‘rikenglikni kundalik hayot mezoniga aylantirishni talab etadi.

Asomiddin MAMAYUSUPOV
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Toshkent sahnasida “Momo yer”

Toshkentdagi Muqimiy teatrida Respublika teatr festivali doirasida Surxondaryo, Samarqand...

Hakim Termiziy merosi dunyo olimlari nigohida

Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk alloma...

O‘quvchilar harbiylar bilan uchrashdi

Denov tumanidagi 76-sonli umumta’lim maktabida Xayrabod garnizonida joylashgan harbiy...

Yagona imtihon joriy etiladimi?

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining bilimini baholash va yakuniy imtihonlar tartibini...
KunTun
KunTun