Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri sahnasida bir necha yil avval “Orzuning ushalishi” asari sahnalashtirildi. Asar qahramoni uchishni orzu qiladi va shu yo‘lda ko‘plab qiyinchiliklarga uchraydi va barini yengib, yakunda maqsadiga yetadi.
Albatta, bu ertak. Hayotda esa har doim ham orzuga yetish oson emas. Ammo, teatrga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari B.Axmedov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda teatr jamoasi o‘zlari uchun avval ertakday bo‘lib tuyilgan orzularining bugun amalga oshayotganligi to‘g‘risida gapirishib, muhtaram Prezidentimizga, Madaniyat va turizm vazirligiga o‘z minnatdorchiliklarini to‘lqinlanib izhor qildi.
Haqiqatan ham Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatrining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Madaniyat va san’atni rivojlantirish borasidagi bir qator farmon va qarorlaridan so‘ng teatr jamoasi uchun katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Teatr eski moslashtirilgan binodan zamonaviy tipdagi barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi binoga ko‘chib o‘tdi.
Teatr moddiy texnika bazasi mustahkamlandi. Spektakllar sahnalashtirish uchun taniqli rejissorlarni teatrga jalb qilish, yetuk teatrlar bilan ijodiy hamkorlik qilish imkoniyatlari yaratildi. Teatr repertuaridan har jihatdan mukkamal spektakllar joy oldi. Eng muhimi, oldin ikki nafar oliy ma’lumotli ijodiy xodim bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda vazirlikning bevosita yordami bilan 8 nafar ijodiy xodim O‘zbekiston san’at va madaniyat oliygohida sirtdan ta’lim olmoqdalar. Deyarli teatrning barcha xodimlari hamma qulayliklarga ega xizmat uylari bilan ta’minlangan.
Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari B.Axmedov bilan bo‘lgan qizg‘in suhbat davomida teatr jamoasiga teatr ijodkorlarining bugungi kundagi burch va mas’ulyatlari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuning bilan birgalikda teatr jamoasining kelajakdagi ijodiy ishlariga muvaffaqiyatlar tilandi.
Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatridagi yangiliklar, yaxshi xabarlar bu bilan kifoyalanmadi. Teatr sohasida ham xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-sonli, 2018-yil 28-noyabrdagi PQ-4038-sonli hamda “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi 2022-yil 02-fevraldagi PQ 112-son qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Berdimuratova Olmaxon ikki davlat madaniy aloqalarini mustahkamlash maqsadida Ozarbayjon Respublikasi Salyan davlat qo‘g‘irchoq teatriga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Salyan davlat qo‘g‘irchoq teatri direktori Lolazor Usenova va Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Olmaxon Berdimuratova tomonidan madaniyat jumladan, qo‘g‘irchoq teatri sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro memorandum imzolandi.
Olmaxon Berdimuratova,
Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori