Ayni paytda abituriyentlar uhun hayajonga to‘la onlar deb aytish mumkin. Sababi oliygohga hujjat topshirishdan tortib, imtihon va uning natijalari chiqqunga qadar ana shunday hislar ularning qalbini chulg‘ab oladi. Yana abituriyentlar qabul jarayonlari, mutaxassislik va yo‘nalishlar, qabul kvotalari haqida qiziqishadi. Termiz shahridagi Matbuot uyida tashkil etilgan matbuot anjumanida esa yoshlar ana shunday savollarga javob topishlari mumkin bo‘ldi.
Matbuot anjumanida Termiz davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori R.To‘rayev, qabul komissiyasi mas’ul kotibi Abdivoxid Safarov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i hamda OAV xodimlari jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.
Aytish kerakki, 2023-2024-o‘quv yili uchun Termiz davlat universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga (kunduzgi) jami 2000 nafar, shu jumladan, davlat granti asosida 470 nafar, to‘lov shartnoma asosida 1530 nafar, sirtqi ta’lim shakliga jami 725 nafar to‘lov shartnoma asosida qabul kvotalari tasdiqlandi. Magistratura mutaxassisliklariga 185 nafar davlat granti asosida qabul kvotasi tasdiqlangan. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha jami 600 nafar qabul kvotasi rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy o‘quv yili uchun bakalavriatga 10 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari qo‘shilgan bo‘lib, dizayn, raqamli iqtisodiyot, kompyuter injiniringi, sport faoliyati bo‘yicha dzyudo, futbol, voleybol, yengil atletika, kurash shular jumlasidandir. Matbuot anjumani ishtirokchilari 2023-2024-o‘quv yilida bo‘ladigan qabul jarayonlari xususidagi barcha qiziqqan savollariga javob oldilar.
Dinara Qo‘zimurodova