O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun munosib nomzodni saylash oldida turibmiz. Saylov yaqin. Bu esa har bir fuqarodan mas’uliyat talab etadi. Davlat kelajagi va taqdiri uchun eng to‘g‘ri qarorni qabul qilmoq lozim. Ushbu siyosiy jarayonda saylov jarayoniga xalaqit berish, saylovga biriktirilgan mutaxassislarning ishiga to‘sqinlik qilish saylov qonunchiligini buzish hisoblanadi va bu uchun javobgarlik belgilangan.
Ma’lumki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarida saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 512-519-moddalarida saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari o‘z ifodasini topgan.
Masalan, kodeksning 512-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, xuddi shuningdek, ularning ishiga to‘siqlarni yuzaga keltirish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur kodeksning 513-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmagan, ushbu komissiyalarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etish yoki ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzgan mansabdor shaxslar BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi. Yana bir huquqbuzarlik – nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun ushbu kodeksning 514-moddasida ma’muriy javobgarlik choralari qayd etilgan. Ya’ni bunday holat mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdordagi jarima jazosini yuzaga keltiradi.
Shuningdek, kodeksning 514-519-moddalariga ko‘ra saylov yoki referendum bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish tartibini buzish uchun ma’muriy jarima jazolari qo‘llanadi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Xususan, bunday qilmish BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu kodeksning 147-moddasiga asosan fuqarolarning deputat yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoxud saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini buzganlik, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek, fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilganlik uchun 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yo 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Saylovga to‘sqinlik qilmang, javobgarlik belgilangan
Date: