Davlat tashkilotlariga bo‘shab qolgan bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashishda fuqarolar, tashkilot va idoralar uchun ham ochiq va shaffof tizim yaratilgan. Ushbu tizim — istalgan fuqaro to‘g‘ridan to‘g‘ri tanish-bilishchilik yoki boshqa biror noqonuniy yo‘llar bilan istalgan tashkilotiga ishga joylashib ketaveradigan zamonlar allaqachon o‘tib ketganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi deganda ko‘pchilikning ko‘z oldida, asosan, vacansy.argos.uz orqali davlat tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlariga kadrlarni tanlov asosida qabul qiladigan tashkilot gavdalanadi. Biroq ushbu tashkilotning qator vazifalari mavjud.
Agentlikning viloyatimizdagi filiali mutaxasisslari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning o‘tgan chorakdagi faoliyati to‘g‘risida keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berish, vazifalari to‘g‘risida axborot almashish maqsadida viloyat Matbuot uyida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali Sherpo‘lat Boyqulov hamda Agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zakirova, shuningdek, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Dastlab Sevara Zakirova Agentlik faoliyati va vazifalari haqida, qolaversa, ushbu matbuot anjumanini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar xususida so‘z yuritdi. Anjuman davomida Sherpoʻlat Boyqulov sohada joriy yilning o‘tgan 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha ma’lumot berildi. Xususan, bugungi kunga qadar Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacansy.argos.uz orqali 593 ta vakant lavozim boʻyicha tanlov e’lon qilinib, 9587 nafardan ortiq nomzod tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirgan, bir vakant lavozim oʻringa oʻrtacha 16 nafar nomzod toʻgʻri kelgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, 122 nafar tanlov gʻolibning 41 nafarini 30 yoshgacha boʻlganlar, 45 nafarini davlat xizmatiga ilk marotaba qabul qilinganlar tashkil etdi. Tanlov gʻoliblarining 87 nafari erkaklar, 35 nafari ayollardan iborat boʻldi.
Vaholanki, belgilangan vazifalardan kelib chiqib, joriy yil aprel oyida 64 ta boshqarma va tashkilotlar hamda viloyat, tuman (shahar)lar hokimliklaridagi tanlov komissiyalar a’zolarining bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida seminar-treninglar oʻtkazildi.
Viloyat hokimining oʻrinbosarlari va tuman (shahar)lar hokimlari lavozimlari uchun kadrlar zaxirasiga kiritish maqsadida jami 69 nafar nomzod roʻyxati shakllantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “Davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqqa muvofiq, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar rahbarlari xulosalari asosida mahallalardagi 58 nafar hokim yordamchisi, 15 nafar yoshlar yetakchisi va 4 nafar xotin-qizlar faoli, jami 77 nafar nomzodlar respublika boʻyicha 1000 nafar salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritildi. Ular boʻyicha ham rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasining 2022-yil 10-maydagi 05-1-1222-sonli topshirigʻi bilan har yarim yillik va yil yakuni bilan viloyatda 89 ta tuman (shahar) hokim oʻrinbosarlarining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash ishlari viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
O‘tgan yil yakuniga koʻra tuman (shahar)lar hokimlari oʻrinbosarlarining 52 nafari yaxshi, 36 nafari oʻrta hamda 1 nafari qoniqarsiz koʻrsatkichni qayd etgan boʻlsa, 2022-yil yakunlari boʻyicha viloyat miqyosida “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi gʻoliblari sifatida Shoʻrchi tumani 2-sektor, Sherobod tumani 3-sektor va Boysun tumani 4-sektor rahbarlari e’tirof etildi hamda pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantirildi. Hozirgi kunda malaka oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan, filial tomonidan eksperiment sifatida tuman (shahar)lar hokimliklarining bosh va yetakchi mutaxassislari uchun oʻquvlar tashkil etilgan.
Tadbir soʻnggida mas’ullar OAV vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV,
(surat)