Kitob har bir yoshning yo‘ldoshi, sirdoshi, do‘sti bo‘lishi kerak. Ayniqsa, 10-15-aprel kunlarida “Kitobxonlik haftaligi” tashkil etilib, haftalik doirasida keng jamoatchilikni kitobxonlikka targ‘ib qilish maqsadida tadbirlar, kechalar, ijodiy uchrashuv-u ko‘rik-tanlovlar, turli aksiyalar tashkil etilayotir. Ammo, Surxondaryodagi umumta’lim maktablarida har hafta, har kun xuddi shunday targ‘ibot bilan boshlanadi. O‘quvchi-yoshlar har haftada bitta badiiy asar o‘qib, taassurotlari, fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. Ana shunday taassurotlar ijodiy uchrashuvlarga, taqdimot-u tadbirlarga ulanadi. Ha, shu orqali ular kitobga oshno bo‘lishadi, mutolaadan zavq olishadi. Haftalik doirasida tashkil etilgan tadbirlarda so‘z olayotgan yoshlarni tinglasangiz, teran fikrlar, keng mushohadalar, mazmunli g‘oyalarning tarannumidan fikrimiz nechog‘lik to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lasiz.
Deraza oynasidan tashqariga boqib turib, dunyoni har kim har xil ko‘radi. Kimgadir go‘zallik, hayot epkinlari ko‘rinsa, kimlardir chiqindi-yu g‘ubordan o‘zgasini ko‘rmasligi mumkin. Bu ham qarashlarga, saviyaga, mutolaaga bog‘liqligi aniq. Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat kutubxonasida III Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda ustoz-murabbiylar ijodkor, kitobxon yoshlarni tinglab turib, bunga amin bo‘ldilar.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan borki, kitobxonlikning foydasi haqida to‘lqinlanib so‘zladi. O‘qituvchi, ota-ona va o‘quvchi hamkorligida eng to‘g‘ri yo‘lni tanlab, yoshlarni ijodga, adabiyotga, san’atga oshno etib, ularning iqtidorlarini kashf etayotganliklarini aytishdi. Mana shunday hamkorlik orqali o‘quvchilarning vaqti mazmunli o‘tayotgani, illatlar bilan emas, hislatlar bilan o‘zlariga zeb berayotgani hayotiy misollar bilan isbotlandi.
Albatta, kitobxonlik insonning ijodiy qobiliyatini ham shakllantiradi. Adabiyot-u san’atga qiziqish uyg‘otish bilan birga, fikrlashida, dunyoqarashida tub burilish yasaydi. “Kitobxonlik haftaligi” doirasida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 6-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Konstitutsiya – mening baxtim, mening kelajagim” mavzusida bo‘lib o‘tgan insholar tanlovida yozilgan insholar mazmuni, Vatan tushunchasi, Bosh qomusimizni nechog‘lik anglab, bo‘lib o‘tadigan referendumga munosabatlari ham to‘la-to‘kis aks etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ijodiy uchrashuv bahona insholar tanlovining natijalari ham eʼlon qilindi. Gʻoliblarga diplom hamda kitoblar jamlanmasi topshirildi. Eng yaxshi insho sifatida Termiz shahridagi 16-sonli IDUM o‘quvchi Maqsuda Xudoyberdiyeva tomonidan yozilgan insho e’tirof etildi va faxrli I oʻringa munosib ko‘rildi.
S.Allayeva