Pista foydali va vitaminlarga boy mahsulot sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda, u sog‘lik va go‘zallik garovi. U zararli xolesterinni haydab, immunitetni ko‘taradi. To‘g‘ri, pistaning narxi unchalik ham arzon emas. Ammo, shunga qaramay, uni sevib iste’mol qilaveramiz. Albatta, ushbu mahsulotning narx-navosiga uni yetishtirish bilan bog‘liq sabablar ham ta’sir qiladi. Uzun tumanining Bobotog‘ massivi tabiati, iqlim sharoiti pista yetishtirishda qulay. Shu maqsadda “Bobotog‘” o‘rmon xo‘jaligida 10 ming gektar yer maydonida pista plantatsiyasini tashkil etish loyihasi doirasidagi ishlar qizg‘in tus olgan. Loyiha ishga tushib, plantatsiyaning pistalari bozor rastalaridan o‘rin olsa, ajab emas, bu narx-navosining-da tushishiga xizmat qilsa…
Plantatsiyada ishlar qanday ketayotganiga qiziqqan viloyat hokimi “Bobotog‘” o‘rmon xo‘jaligida bo‘ldi. Jarayonni kuzatdi. Ishning ko‘zini biladigan tadbirli fermer-dehqonlar faqat pista plantatsiyasi bilan kifoyalanmagan. Balki qator oraliqlarida kovrak dorivor o‘simligi ham ekishgani foydani bir necha baravar oshiradi, bu esa bir gektar maydonning o‘zidan 120 million AQSh dollari foyda olish imkonini beradi deganidir.
Aytish kerakki, ayni paytda pista va kovrak ko‘chatlari ekib bo‘lingan. Loyihaning umumiy qiymati 11,7 milliard so‘m bo‘lib, shundan, 1 ming gektar uchun 1,17 milliard so‘m “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi mablag‘lari hisobidan, qolgan 9 ming gektar uchun 10,504 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlar hisobidan amalga oshirilayotir. Ha, bu loyiha ko‘pning birdamligi, hamkorligi bilan amalga oshirilmoqdaki, undan ko‘zlangan maqsad ham shunga yarasha. Loyiha to‘liq ishga tushirilgach esa 2 mingta ish o‘rni yaratiladi, nafaqat uzunliklar, qo‘shni tumanlardagi ishsizlarning ham ish bilan bandligi ta’minlanadi…
S.Normurodova