Qandaydir ish boshlamoqchi bo‘lsangiz-u, bu yo‘ldagi to‘siqlar sabab fikringizdan qaytsangiz, demak niyatingiz jiddiy bo‘lmagan bo‘ladi. Bandixonlik Tojimurod bobo esa keksalik gashtini suradigan yoshda ish boshlashni niyat qildi-yu, yo‘lidagi to‘siq va muammolar ko‘rinmadi. Bobo Bandixon cho‘lidagi oz emas, ko‘p emas qarovsiz, suvsiz qaqrab yotgan 37 gektar maydonni o‘zlashtirdi, bog‘ yaratish niyatida harakatlarni boshlab yubordi. Bu orada boboni tanigan-bilganlar bu yerdan bir maysa ham chiqmasligini, mehnati va harakatlari zoye ketishini aytishganida ham Tojimurod bobo parvo qilmadi. Ha, otaxonning o‘ylab qo‘ygan rejalari bor ekan. Yerni ekinga tayyorlash bilan birga shu maydonga yetgulik suv saqlovchi hovuz qazdi, har egatga suvni tejab yetkazish yo‘llarini o‘ylab topdi.
Asosiysi esa otaxonning mehnatlari besamar ketmadi. Maysa unmas yer deyishgan katta maydonda hozirgi paytda piyoz, sarimsoqpiyoz, g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari gurkirab yashnab turibdi. Ha aytgancha, hali bu hammasi emas, kelgusida tadbirkor bobo xorijlik investorlarni jalb qilgan holda 2,5 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilib, 120 gektar maydonda pista, bodom va olxo‘ri ko‘chatlarini ekib intensiv bog‘ tashkil etmoqchi.
Tinib-tinchimagan tadbirli bobo o‘z mahallasida 100 o‘rinli bog‘cha va masjid qurish ishlarini-da boshlab, el duosi ila kuchga to‘lib, savob ishlarni boshlab yuborgan. Shuni aytishsa kerak-da, harakatda barokat bo‘ladi deya. Nima bo‘lganda ham mehnat-u mashaqqatidan qochmasangiz, qo‘rqmasangiz, niyatingiz jiddiy bo‘lsa, qaqragan yerni bog‘-u bo‘stonga aylantirish mumkin ekan. Buni Tojimurod bobo o‘z amaliy harakatlari misolida isbotlab berdi. Boboning mana shunday sa’y-harakatlari esa ko‘pchilikni ruhlantirishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, qo‘rqmasdan bog‘ yaratish, dehqonchilik qilish uchun birinchi qadamni tashlashga turtki bo‘lishi aniq.
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Bandixon tumanida bo‘lib, Tojimurod bobo tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Bobo bilan samimiy suhbatda otaxonning rejalashtirgan loyihalarini amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatilishini, yangi yer maydonlarini foydalanishga kiritishga qaratilgan loyihalar qo‘llab-quvvatlanishini maʼlum qildi.
S.Davlatova