Birinchi o‘ringa munosib…

Date:

Siz bahorni qanday tasavvur qilasiz? Birdaniga qalbingizda quyosh charaqlab, qushlar chug‘uri quloqlaringiz ostida jaranglasa kerak. Sharqiroq soylar ovozi, ranglarini tasvirlashga lol bo‘lganingiz gullar, dov-daraxtlar, yam-yashil maysalarning nish urib, unib chiqayotgani holati ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi-yu, tabiatga lol bo‘lib, tog‘ kengliklarida chopqillab ketasiz.
Ha, bahor ana shunday betakror va nafis ko‘rinish kasb etadi. Ko‘ngilga go‘zallik ulashadi. San’at ahli esa bundan ilhomlanmay qolmaydi, albatta. Shoir so‘zlardan marjon tizishga, qofiyani kelishtirishga o‘tib ketsa, qo‘shiqchi kuylashga tutinadi. Rassom esa qog‘oz va mo‘yqalamini oladi-da, tabiat kengliklariga oshiqib, ana shu manzaradan bir lahzasinigina oqqa tushirib, manguga muhrlashga kirishadi. Oltinsoy tumanidagi 15-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining tasviriy san’at yo‘nalishida tahsil oluvchi oʻquvchisi Asilbek Komilov ham ana shunday hislar ta’sirida bahorni tasvirlashni hush ko‘radi.
Uning ilhomlanib chizgan har bir surati o‘zi uchun qadrli va sevimli. Chizib bo‘lgach, yuragida nimadir bo‘shab yengil tortadi. Yelkasini bosib turgan yukdan xalos bo‘lgandek bo‘ladi. Tinib tinchimas yosh musavvir “Bilimlar kemasi” (Rossiya) xalqaro bolalar tanlovi haqida eshitdi-yu, bahorni tasvirlagan suratini tanlovga jo‘natdi. To‘g‘ri, u butun dunyo iste’dodlarining ijodiga baho beriladigan tanlovga unchalik ham umid bog‘lamadi. Shunchaki ishtirok muhim ekanini, chekka bir hududda ham yalt etgan iste’dodlar, san’atga oshno ko‘ngillar borligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir ehtimol.
Asilbek umid bog‘lamagan tanlovning natijalari kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi. Hakamlar haqiqiy iste’dodlarning, san’atning qadri-yu bahosini bilishgan ekanki, Asilbek chizgan suratni 1-oʻringa munosib ko‘rishibdi.
Oltinsoyda esa yosh iste’dodning bu muvaffaqiyati ovoza bo‘ldi.

S.Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Rahbarlar kitob ulashdi

“O'zbеkiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Rеspublika...

“Chashma”dan birgalikda foydalanamiz

Oʻzbеkiston va Qirgʻiziston “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish boʻyicha kеlishuvga...

Milliy liboslar namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mahkamova raisligida 2025-yil 19-mart...

Mehnati muvaffaqiyat keltirdi

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2025” kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika...
KunTun
KunTun