Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida referendum o‘tkazuvchi Surxondaryo viloyati okrug komissiyasi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14-martdagi qarorlariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi 2023-yil 30-aprel – yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi.
Mazkur qarorlar va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi matbuotda chop etildi. Markaziy Saylov Komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi referendum okruglarini tuzish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunida referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining majlislarida muhokama etilishi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida referendum o‘tkazuvchi Surxondaryo viloyati okrug komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar muhokama etildi. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy tadbirni qonuniylik, ochiqlik, xolislik, oshkoralik, shaffoflik kabi tamoyillarga to‘la amal qilgan holda tashkil etish uchun 21 nafar aʼzodan iborat komissiya tarkibi tasdiqlandi.
Sessiyada, shuningdek, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.