Qabul qilinadigan qonunlar, qaror va farmoyishlar aholi uchun qulaylik yaratadi, imtiyoz va imkoniyatlar eshigini ochadi. Senatorlar import qilinadigan tovarlarni xarid qilish uchun kredit berishga ruxsat beruvchi qonunni maʼqulladi. Bu esa yuqoridagi fikrlarimizning isboti bo‘lib xizmat qiladi.
Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida “Moliyaviy isteʼmol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Isteʼmol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham isteʼmol krediti ajratishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga tashqaridan keltirilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy isteʼmol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qolaversa, Qonun bilan isteʼmolchi moliyaviy isteʼmol krediti olish to‘g‘risida isteʼmol tovarlarini (xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.
Taʼkidlash joizki, qonunning qabul qilinishi aholi isteʼmol kreditlarini rasmiylashtirishda yengiliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga xizmat qiladi.
Surxontongi.uz