“Jurnalistlar joylardagi ko’zim va qulog’im…”

Date:

Surxondaryo viloyatida 38 ta gazeta va jurnal, 2 ta tele, 1 ta radiokanal, 4 ta vebsayt, 13 ta respublika OAVning viloyatdagi muxbirlari, 4 ta xususiy nashriyot, 2 ta bosmaxona, 58 ta matbaa korxonasi hamda 54 ta axborot xizmati faoliyat ko‘rsatadi. Bularda esa 250 nafardan ortiq xodim mehnat qilib kelmoqda. Turgan gapki, boshqa sohalar kabi jurnalistika sohasida faoliyat yuritib kelyotganlarning-da og‘riqlari, sohaga oid muammolari bor. Faoliyat yuritguvchi gazeta va jurnallarning bor yo‘g‘i 10 tasi o‘z binosiga ega. 28 tasi esa turli tashkilotlar balansidagi idoralarda ijarada turadi. Ijarachi ajratgan xonalarni bo‘shat desa bormi, tahririyat xodimlari ijarama-ijara sarson bo‘lishga mahkum. Xolbuki, ular ijara uchun joy qidirsinmi, sohalarni o‘rganib, ijod qilsinmi?

Yana bir gap, bugungidek axborot asrida viloyatda faqat “Surxon tongi” va “Qumqo‘rg‘on sadosi” gazetalarininggina veb sayti bor, veb sayt ochish va yuritish qolgan shahar va tuman hokimligi muassisligidagi gazetalar rahbariyatining xayoliga-da kelgani yo‘q. Demak, bugungi davr boshqa sohalar kabi matbaa sohasini qo‘llab-quvatlashni, axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirishni, ushbu tizimlar bilan bog‘liq yangidan-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda. Termiz shahridagi Matbuot uyida Surxondaryo viloyat hokimi Ulug’bek Qosimovning viloyatimizdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, axborot kutubxona markazlari, nashriyot va bosmaxonalar, axborot xizmatlari bilan o‘tkazgan suhbatdan ko‘zlangan maqsad ham sohadagi mavjud muammolarni muhokama qilish bilan boshlandi. Munosib yechim topishda soha xodimlarining fikr va takliflari tinglandi.

Aytish kerakki, Surxondaryo viloyatida yangi yilda tizimlarda ishlar yangicha shijoat bilan, mas’ullik bilan boshlandi. O‘z vazifasiga tayinlangan viloyat hokimi ilk ish kunlaridan hozirga qadar barcha sohalarda Prezidentimizning qaror hamda farmonlari ijrosini tekshirdi, tahlil qildi. O‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilganlar, vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lganlarga tegishlicha choralar ko‘rildi. Bu har bir tizim, sohaga ta’sir etmay qolmaydi. Albatta, mas’ullarni sergaklantiradi. Viloyat hokimi ayni mavzularda fikr yuritib, viloyatdagi barcha sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, kamchilik va muammolarni olib chiqishda, yoritishda OAV vakillari, blogerlar yordamiga tayanishini ta’kidladi.

Kuzatuvlar, tekshirish va tahlillar esa barcha sohalar qatori maktab, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarida ham hali qiladigan ishlarimiz ko‘pligini ochiqlab qo‘ydi. Oliy ta’limga yoshlarimiz qamrovi 18 foizni tashkil etsa, bu ko‘rsatkich super kontrakt va xususiy oliygohlar hisobiga 30 foizga yetadi. Maktabda ta’lim olayotgan 450 mingga qayin o‘g‘il-qiz esa o‘z ishiga panja ortidan qarayotgan rahbarlarning bunday mas’uliyatsizligini kechirmaydi. Maktab bitiruvchilari bilan ishlashda aniq yo‘nalishlarni belgilab olgan holda ish ko‘rish lozim. Xolbuki, viloyatdagi maktablardagi holat bo‘yicha to‘xtalmasa ham bo‘ladi. 129 ta maktab ta’mirtalab. Ushbu maktablar viloyat hokimining topshirig‘iga binoan zamonaviy qiyofa kasb etishi reja qilingan. Shuningdek, viloyat hokimi maktabgacha ta’lim tizimida, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish, yo‘lsozlik sohalaridagi kamchiliklarni birma-bir sanab, bu borada amalga oshirilajak ishlar xususida ham to‘xtaldi. Bu ishlarning qanday ketayotganini yoritishda, haqiqiy ahvolga ko‘zgu tutishda esa jurnalist va blogerlarning xizmatiga tayanishini aytib o‘tdi.

Haqiqatan ham viloyatimizda o‘rgarishlar ko‘p. Amaliyotga joriy qilish lozim bo‘lgan rejalar talaygina. Tizim yaratilgan, talab etilayotgani esa vijdonan ishlash, xalq dardini olib chiqish, ko‘ngliga yo‘l topa olishdir. Viloyat rahbari Ulug‘bek Qosimov jurnalist va blogerlar, axborot xizmati rahbarlarining fikrlariga, o‘rtaga tashlagan muammo va takliflariga quloq tutar ekan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Muhiddin Abdurahmonov jurnalistlar uyi tashkil etishni, qolaversa, tumanlarga ijodiy safarga chiqishda transport masalasi muammo bo‘layotgani aytish bilan birga, nogironligi bor, ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan jurnalistlarni ijtimoiy muhofaza etish choralarini ko‘rishni so‘radi.

“Denov ovozi” gazetasi bosh muharriri Sharifa Aliyeva esa Denov tumanida ham Matbuot uyi qurilsa-yu, jurnalistlar bir yerda jam bo‘lsa degan fikrni bildirdi.

Tashkilotlarda faoliyat yuritguvchi axborot xizmati rahbarlarining esa texnik uskunalari yetarli emasligi, kamerasi yo‘q, kamerasi borlarining montaj xonalari yo‘qligi aytildi. Xolbuki, bularsiz tashkilotda matbuot kotibi nega kerak degan savol tug‘iladi.

Axborot kutubxona markazlarida ham ahvol havas qilarli emas. O‘z binosi yo‘q, binosi borlarida esa sharoit. Kitob fondining 80 foizi eski va foydalanishga yaroqsiz. Mana shunday muammolar qatorida yo‘llardagi svetofor o‘rnatilishi, piyodalar yo‘lakchasi, temir yo‘l qatnovida vagonlardagi sharoitsizlik haqida bong urildi. Sohadagi muammolar qolib, yana xalq dardini, ularni qiynayotgan masalalarni aytishga tushib ketgan jurnalistlarning bu ishidan aytish mumkinki, ular o‘zidan-da ko‘proq ko‘pning tashvishi ila yashashga o‘rganib qolgan. Bunday holatdan quvongan viloyat hokimi soha fidoyilarini joylardagi ko‘zi va qulog‘i ekanini, muammolarni birgalikda, birdamlikda hal etishlari mumkinligini aytib, ishonch bildirdi. Uchrashuv davomida o‘rtaga tashlangan masalalar, muammolar qisqa muddatlarda hal etilishi esa barchaning ko‘ngliga chirog‘ yoqqandek bo‘ldi.

Sayyora ALLAYEVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Tadbirkor qizlar” biznes marafoni start oldi

Xotin-qizlarni biznesga qiziqtirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yetarlicha...

Yangi imkoniyatlar…

Surxondaryo viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jamiyat hayotining deyarli...

Surxondaryo delegatsiyasi Tojikistonda

Yurtimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari hali tugagagni yo‘q. xalqimiz...

«Qo‘mondonlik kubogi» musobaqasida

Sport birdamlikka, sport jismoniy chiniqish-u muvaffaqiyatga boshlaydi. Yoshlarimizni sportga...
KunTun
KunTun