“O‘zbek tilida o‘qish men uchun o‘zgacha taassurot, hissiyot uyg‘ota oldi”

Date:

Eng ichki tuyg‘ularimiz, sirlarimiz, kundalik ehtiyojlarimiz, yaxshi-yu yomon o‘y-fikrlarimizni so‘z vositasi, aniqroq qilib aytsak, til vositasida ifodalaymiz. Millatni yashattirguvchi, uning mavjudlik belgilaridan biri milliy tilining mavjudligidir. Har qanday yangilik, kashfiyot, xabarlar ham til vositasida o‘zgalarga yetkaziladi.
Bugun katta shodiyona — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali tevaragida o‘zbek tilining iftixorini yana bir karra yuksaklarga ko‘tarish maqsadida barcha yig‘ilgan. Bir necha asrlar davomida sayqallangan, boyigan o‘zbek tili hali ham shakllanish, rivojlanish bosqichida.

—Tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaluvchi o‘zbek tili dunyodagi eng qadimiy va boy tillardandir, — deydi Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Ilhom Safarov. — U biz uchun milliy o‘zligimiz, mustaqil davlatchiligimizning timsoli, bebaho ma’naviy boyligimiz. Uning buyukligi shundaki, bugungi algoritm, osmon jismlari, grammatikaning asoschilari bo‘lgan Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, nazmiy adabiyotda tub burulish yasagan Alisher Navoiy, bag‘rikenglikning timsoli bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimiz aynan shu tilda so‘zlashgan. Uzoq va yaqin o‘tmishdan bu kabi misollar ona tilimizning bitmas-tuganmas buloq ekanligidan darak berib turadi.

Tilning ichki xususiyatlari, ma’no noziklik qirralari anglangandagina, u bajarish kerak bo‘lgan vazifani ado etgan bo‘ladi. Shu tilda so‘zlasharkanmiz, fikr bildirish imkoniyatiga ega ekanmiz, demak tilni bilish kerak, bilibgina qolmay, uni sevish ham kerak.
—O‘zbek tilida gapiradigan insonlar dunyodagi eng baxtli insonlardir, — deydi filologiya fanlari nomzodi, professor Poyon Bakirov. — Ko‘pgina mamlakatlar o‘zining tiliga ega bo‘lmagan bir paytda bizning terminlarimiz hozirda dunyodagi barcha tillar orasiga kirib bormoqda. Dunyodagi birinchi lug‘at — “Devonu lug‘atit turk”ning aynan turkiy tilda yaratilgani bu tilning buyukligidan bir ishora. “Tilga e’tibor — elga e’tibor”, deydilar. Tilning rivojiga hissa qo‘shish har bir o‘zbekning, har bir o‘zbek olimning muqaddas burchidir. Kim bu tilni kambag‘al deb bilsa, uning o‘zi kambag‘aldir.

Turkiy tilning, o‘zbek tilining bor jozibasini ochib bergan shaxs hazrat Navoiy bobomizdir. Navoiychalik turkiy til rivojiga “ko‘p va xo‘p” hissa qo‘shgan shaxs bo‘lmasa kerak. “Muhakammat ul-lug‘atayn” asarida ikki tilni, ya’ni fors va o‘zbek tilini solishtirgan holda turkiy tilning imkoniyati forsiy tilga nisbatan kengroq ekanini anglatgan va shu orqali ijodkorlarni aynan turkiy tilda ijod qilishga ruhlantirgan.

— Navoiy tug‘ilgan yurtning vakili ekanligimdan faxrlanaman, — deydi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Shikibo Samadiy. — Alisher Navoiyning asarlarini o‘zbek tilida o‘qigachgina, uning bor jozibasini angladim. Aynan o‘zbek tilida o‘qish men uchun o‘zgacha taassurot, hissiyot uyg‘ota oldi. Shu sababdan hozirda o‘zbek tilini chuqur o‘rganib, maktablarda bolalarga ta’lim berish davomida xulosalarimni ularga chuqurroq yetkazib berishga harakat qilmoqdaman. Ularga o‘z bobolarini tanish uchun o‘zbek tilini o‘rganish zarurligini uqtirmoqchiman.

Shikibo Samadiy she’rlaridan til muhabbatini his qilasiz, shu til vakili ekanligingizdan tanangizda hayajon yuguradi.
Viloyat musiqali drama teatrining aktyori ijrosida esa Alisher Navoiyning mashaqqatli mehnati namoyon. “Qadring baland bo‘lsin o‘zbek tilim” shiori ostida o‘tgan tadbir davomida ulug‘ hazrat sa’y-harakatlarining hurmati ifodasi sifatida haykal poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dildora OTAQULOVA,
Islom MENGLIYEV
(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yuksak mukofotlar muborak, surxondaryolik o‘g‘lonlar!

Yurtimiz sharafini yuksakka ko‘tarib, o‘zlarining yutuqlari bilan o‘rnak bo‘lib...

Yirik investitsiya loyihalari bilan tanishildi

Loyihalar, g‘oyalar har doim qimmtli va muhim ahamiyatga ega....

Prokuraturada yangi bo‘linma tashkil etiladi

Har soha va tizimni rivojlantirish uchun yangi qadamlar tashlanadi....

Migrantlarning farzandlari ta’limi uchun to‘lov joriy etiladi

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining farzandlari o‘qishi uchun to‘lov...
KunTun
KunTun