Surxondaryo viloyatining jonkuyarlari Taxiatoshda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni amalga oshira oldi. Tuman obod bo‘lib, aholi bandligi ta’minlandi. Ishbilarmonlik muhiti yaratilib, Surxondaryo tajribasi keng quloch yozgan tumanda mahallabay ishlash tizimi rivojlandi.
Turmush sharoit yaxshilanar ekan, insonning hayotga qarashi o‘zgaradi. Ko‘ngil yozish, vaqtni unumli o‘tkazish haqida o‘ylab boshlaydi. Xuddi shunday taxiatoshlik yoshlarning hayoti bilan tanishish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Choriyev boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanida bo‘lib, hududdagi yoshlar bilan tanishgani, ularning qiziqishlari, kelajak o‘ylari bilan suhbatlashgani mezbonlarni quvontirdi.
J.Choriyev eng avvalo mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyati bilan tanishdi, o‘zaro tajriba almashdi. Surxondaryoliklar taxiatoshlik paralimpiyadachi yosh sportchilar xonadonlarida bo‘lib, ular bilan dildan suhbatlashdi. G‘oya va takliflarini tingladi.
Tanishuv ochiq muloqotga ulandi. Hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari ishtirokida tashkil etilgan ochiq muloqotda esa sport maktabiga kurash gilami, Abat makan va Markaz mahallalarini strit-vorkaut jihozlari topshirildi.
Shundan so‘ng, tumanda besh tashabbus olimpiadasi doirasida Surxondaryo viloyat hokimi sovrini uchun sport musobaqalariga start berildi.
Mahallalar o‘g‘il-qizlari o‘rtasida shaxmat, stol tennisi, futbol kabi sport bellashuvlari uyushtirildi. O‘z navatida yoshlarning bu tashabbusga javoban faol ishtirok etgani quvonarli hol.
Barcha bayramona kayfiyatda. Musobaqalar qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Shaxmatda aqllar charxlanib, g‘oliblik uchun bahslar murosasiz kechgan bo‘lsa, futbol maydonidagi o‘yin katta taassurotlarga boy bo‘ldi. Stol tennisida epchil va chaqqon yoshlarning qo‘li baland keldi. Shuni ham aytish kerakki, hech bir ishtirok e’tibor va rag‘batdan chetda qolmadi. Yakunda bellashuvlar g‘oliblari, faol ishtirok etganlar munosib taqdirlandi.
Ishonchimiz komil, bu yoshlar kelgusida dunyo arenalarida o‘z iqtidor va kuchlarini namoyish etib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratadi. Ularga faqat e’tibor, g‘amxo‘rlik va rag‘bat bo‘lsa, yoshlar ko‘p narsalarga qodir.
Hilol