Inson salomatligi, uning o‘zininggina emas, jamiyatning, butun bir davlatning-da muammosiga aylangan. Buni amalga oshirilayotgan islohotlar, salomatlik uchun qilingan tashabbus va tadbirlar misolida kuzatish, ko‘rish, anglash mumkin. Yaqindagina poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh malakali tibbiyot xodimlari viloyat bo‘yicha sayyor tibbiy ko‘riklarini o‘tkazib, tekshiruv, muolaja va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgani vohalik bemorlar uzog‘ini yaqin, muammosini hal qilib bergan edi. Prezidentimizning 18-mart kuni sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan qilgan ochiq muloqoti ana shunday ezgu tashabbus va loyihalarga sharoit yaratdi. Belgilangan vazifa va topshiriqlardan kelib chiqib Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali ham zarur choralarni belgilab olib, tizimli ravishda ishlar tashkil etib kelayotir. Filialning professor-o‘qituvchilari Termiz shahridagi mahallalarda bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy o‘rikdan o‘tkazdi.

Ana shunday tadbirlardan biri “Ma’rifat” mahallasida tashkil etildi. Tibbiy ko‘rikda filial direktori Furqat Otamuradov boshchiligida oliy ta’lim muasasasining pediatr, akusher-ginekolog, terapevt, xirurg, onko-ginekolog, kardiolog, nevropatolog, okulist, urolog, dermatovenerolog, endokrinolog, lor, travmatolog, infektsionist, ultra tovush tekshiruvi va boshqa shifokorlardan iborat malakali mutaxassislar ishtirok etdi.
Aytish kerakki, kasallikni ilk davridanoq aniqlab, kerakli davo choralari qo‘llanilsagina uni yengish mumkin. Sog‘lom turmush tarzi talablariga rioya etgan holda yashash, ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish ham muhim. Mutaxassislar, ko‘rik davomida ayni shu jihatlarni ham targ‘ib qildilar.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” da ro‘yxatda turuvchi aholi xonadonlariga brogan holda hol so‘rab, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani bu yurtda inson qadri nechog‘lik ulug‘lanayotganidan darak. O‘z navbatida o‘ksik ko‘ngillar ham bunday yo‘qlovdan shod. “Ma’rifat” mahallasidan 250 ga yaqin katta-yu kichik ijtimoiy himoyaga muhtoj mahalla ahli ko‘rikdan o‘tkazildi.
“Ma’rifat”dan “Pattakesar” mahallasiga ulangan tibbiy ko‘rikka oliy ta’lim muassasasidan 20 dan ortiq malakali shifokor jalb etilgan bo‘lib, ular kasallik aniqlangan bemorlarni davolash yuzasidan tegishli tavsiyalarini berishdi. Xayrli tashabbus viloyat bo‘ylab davom etadi.
S.Normurodova