“Tashabbusli byudjet”: yillar davomida yechilmagan muammolar bartaraf etilmoqda

Date:

        Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan “Ochiq byudjet” axborot portali orqali fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida 2022- yil aprel oyida Sho‘rchi tuman bo‘yicha 12 ta loyiha g‘olib bo‘ldi.

      Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tumandagi 2021-yil yakuniga ko‘ra shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar hamda 2022 yilning yanvar oyida shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan  “Fuqarolar tashabbusi byudjeti” jamg‘armasiga jami 6 662,1 mln.so‘m mablag‘ ajratildi.

      Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Tashabbusli byudjet”ga kiritilgan loyihalar  faol fuqarolarning tashabbusi bilan ko‘p ovoz olish natijasida amalga oshiriladi va tumanimizdagi “Qoqaydi”, “Yoshg‘ayrat”, “Ezgulik” singari 10 ta mahalladagi binolarni ta’mirlash, qo‘shimcha binolar qurish, mavjud binolarni joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

         Unda faol ishtirok etgan “Qoqaydi” mahallasining aholisi ichimlik suvi va ichimlik suvi ta’minotini qurish bo‘yicha 2948 ovoz yig‘ib, loyihani yutib olishdi.

      – 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan mahallamiz aholisi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi, – deydi mahalla raisi Botir Nurmamatov. – Mahallamizning “Qora kapa” qishlog‘ida yashovchi aholimiz uchun ariq suvi bo‘lsada, ichimlik suvi  ancha yillardan beri muammo edi. Ular suvni 1 kilometr uzoq masofadan tashib kelardi. Shuning uchun “Tashabbusli budjet” loyihasida o‘z taklifimiz bilan qatnashdik. Loyihada g‘olib bo‘lishimiz uchun yoshlarimiz harakat qilishdi, uyma uy yurishib, ovoz yig‘ishdi. Natijada 690, 000,0 million so‘m yutib oldik. Buning evaziga esa ichimlik suvi ta’minoti quriladigan bo‘ldi.

      Loyihada g‘olib bo‘lgan mahalla ahlining ko‘zidagi quvonchni ko’rib, mazkur loyiha chindan ham hayotiy va odamlar uchun foydali bo‘layotganiga amin bo‘lasiz Axir toza ichimlik suvi ko‘pchilik tuman-u, qishloqlarda ayniqsa, eng chekka hududlarda yashaydigan aholini qiynaydigan muammo ekanligi hech kimga sir emas.

     “Tashabbusli byudjet” da 1255 ta ovoz yiqqan “Yoshg‘ayrat” mahallasining aholisi xududdagi 94-sonli oilaviy poliklinikaning ta’mirlanishidan, kakanliklar esa 155-transfarmatorni 400-xo‘jalikka mo‘ljallangan transformatorga almashtirilishidan mamnun.

    – Fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash uchun amaliyotga tatbiq etilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi ko‘p yillik muammolarimizni bartaraf etishga, orzularimizni amalga oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi 11-umumta’lim maktabi direktori Xolmuhammad Eshqobilov. –  Maktabimizni ta’mirlash loyihaga kiritilgach, ovoz yig‘ish jarayonida faol ishtirok etdik. 1245 ovoz yig‘ib, maktabimizni ta’mirlash uchun 800 000,0 million so‘m yutdik. 262 nafar o‘quvchi tahsil oladigan maktabimizni zamonaviy qiyofa kasb etib, o‘quvchilarimizni fan sirlarini mukammal o‘zlashtirishi, sport bilan shug‘ullanishi, kitob mutolaa qilishi uchun shart-sharoitlar yaratiladigan bo‘ldi. 

Shuningdek, loyiha doirasida ichki yo‘llarni, umumta’lim maktablarni, maktabgacha ta’lim tashkilotlarni ta’mirlash va jihozlash, ichimlik suvi tizimini ta’mirlash, tibbiyot muassasalarini ta’mirlash va jihozlash, elektr tarmog‘i tizimini yaxshilash kabi ishlar amalga oshiriladi.

      Hozirda, mazkur loyihalar ijrosi yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini tuzish va tegishli ekspertizadan o‘tkazish ishlari boshlab yuborilgan.

Nigina SHOEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TISU talabalari o‘qishni Turkiyada davom ettiradimi?

Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin deyishganidek, til o‘rganishda ham...

Pilla mavsumiga start berildi

Joriy yil pilla hosili uchun birinchi mavsumga start berildi....

Ijodkor yoshlar bellashdi

Ijodkor, qo‘liga qalam tutib, nasr yoki nazmda ijod qilishni...

Mehmonlar yuksak saviyada kutib olinadi

Joriy yilning 1-7-may kunlari “Boysun bahori” xalqaro festivali bo‘lib...
KunTun
KunTun