Xushboq baxshi Mardonaqul o‘g‘li 80 yoshda

Date:

Baxshi aytajagini his qilib kuylaydi. Qahramonining dardlaridan og‘rinib, quvonchiga sherik bo‘lib aytadi. So‘zlarini kelishtirib, qofiyasini o‘rniga qo‘yib aytadi. Do‘mbirasi esa yolg‘iz yo‘ldoshi, zerikkanda sirdoshi. Unga barmoqlari tegsa bormi, Go‘ro‘g‘li-yu Alpomish dostoni voqealari bir-bir xayollaringizdan o‘taveradi, o‘taveradi… Baxshi o‘zbekning qadim o‘tmishidan, qadriyatlaridan qo‘shib kuylaydi.

O‘zligini, tuyg‘ularini qorishtirib kuylaydi. Surxonning o‘z baxshilari, ular yaratgan baxshichilik maktabi bor. Qosimko‘r baxshi, Normurod baxshi, Ahmad baxshilar yo‘lini esa Xushboq Mardonaqulov, Shoberdi Boltayev, Boborahim Mamatmurodov, Qora va Chori Umirovlar, Qahhor Qodir oʻgʻli, Abdunazar Poyonov kabi baxshilar davom ettirib, xalq mehr-muhabbatini qozonib kelayotir. Bu maktab vakillaridan yozib olingan “Oltin qovoq”, “Malla savdogar”, “Zayidqul”, “Ollonazar Olchinbek”, “Oychinor”, “Sherali”, “Kelinoy” kabi qator dostonlar Oʻzbekistonning boshqa joylarida yashab oʻtgan baxshilar repertuarida uchramasligi bilan qimmatli.

Bugun ular ulug‘ yoshda, ular yaratgan maktab an’analarini davom ettirib, uslub va yo‘nalish o‘rganib kelayotgan izdoshlar dostonchilikda o‘z yo‘li va ovoziga ega bo‘lib shakllanayapti. Ana shunday ustoz baxshilardan biri Xushboq baxshi Mardonaqul o‘g‘li 80 yoshni qarshi olayotir. So‘zda kuchi, sozida sehri bor baxshi hali-hamon aytimlari bilan xalq e’tiboridan qolgani yo‘q. Xalq baxshisining 80 yilligi Qiziriq tumani Madaniyat uyida katta tadbirga ulanib ketdi.

80 yillik hayot yo‘lida turib ortga nazar tashlasangiz, Xushboq baxshi Mardonaqul o‘g‘lining quvonchi va qayg‘uli, baxtli damlarini, mashaqqatga to‘la yillarini ham ko‘rasiz. Bu yillar shunchaki yashab o‘tilmagan, bu yillar uning qahramoni uchun hayotni anglashi, tushunishi, san’atda qadr topishi uchun toblanish yili bo‘lgan.
So‘zga chiqqan borki, O‘zbekiston xalq baxshisi Xushboq baxshi Mardonaqul o‘g‘lining hayot yo‘li, baxshichilikka qo‘shgan hissasi haqida to‘lqinlanib gapirdi. Ustoz baxshining shogirdlari bayram tuhfasi sifatida tayyorlagan aytimlar esa kecha sababchi va mehmonlar ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Madaniyat bo‘limi xonandalari va maktab o‘quvchilari ijro etgan go‘zal kuy-qo‘shiqlar kechaga yanada fayz kiritdi.

S.Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Uloq-ko‘pkarida g‘oliblar aniq

"Navro‘z" umumxalq bayrami munosabati bilan Jarqo‘rg‘on tumani "Qo‘shtepa" mahallasi...

15-martdan 15-aprelgacha…

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha...

Polvonlar boʻsh kelmadi

"Navro‘z" umumxalq bayrami sayllari doirasida Sherobod tumanidagi "Sport arena"...

Bayramga bayramona tuhfalar

Navroʻz qalblarga ezgulik, quvonch ulashib keladi. Ayni ayyom arafasida...
KunTun
KunTun