“Farzandlarim, nabira va evaralarning baxt-u saodatini, shodon kulgusini ko’rib yashashning o‘zi eng katta mukofot”

Date:

Urush dahshatini unda qon kechgan, o‘lim bilan hamnafas bo’lgan askargina yaxshi biladi. Bir qadam bo’lsa-da, oldinga intilish, Vatanni sharaf ila himoya qilish shart. Omon qolish ham muhim, ammo bizdan avlodlarga qoladigani qullik bo’lmasligi kerak. Farzandlarimiz ozod va erkin yashashi shart. O‘g‘lonlar ana shu niyat va shasht bilan qo’llariga qurol olgan, jon olib, jon bergan. Urush ana shunday shafqatsiz. Shafqatsiz urushning bor dahshatini his etgan norg‘ul o‘g‘lonlar bugun yoshi yuzga yuzlashgan nuroniy otaxonlar. Ular tinchlikning, osoyishtalikning qadrini hammadan ham yaxshi anglaydi. Qarshi olayotgan har kuniga shukronalik hissi ila yashashayotir. Ular faxrimiz, ular g‘ururimiz. Ular aytib beradigan urush sahnalari, qo’rqinchli hikoya yanglig‘ qulog‘imizga eshitiladigan voqealar har bir yosh uchun saboq bo’lishi lozim.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sotvoldiyev boshchiligidagi bir guruh harbiy xizmatchilar va sektorlar rahbarlari, faollar ishtirokida vohada istiqomat qilayotgan ana shunday sobiq jangchilar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonida bo‘lib, ularni bayram bilan tabrikladilar. Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan bayram tabrigi o‘qib eshittirilib, “Mustaqillik monumenti” statuetkasi, bayram sovg‘alari hamda bir martalik pul mukofotlari topshirildi.

— Yuz bilan yuzlashdim, – deydi Boysun tumani Sayrob mahallasida yashovchi Jumaqul bobo Qulliyev. – Qancha daryolar, qancha soylar oqib o‘tdi. Urush ko’rdim. Qon kechdim. Shukrki, bugungi baxtiyor kunlarni ko’rish ham peshonada bor ekan. Farzandlarim, nabira va evaralarning baxt-u saodatini, shodon kulgusini ko’rib yashashning o‘zi eng katta mukofot bo’lsa kerak. Urushda o‘z yigitlik burchimizni bajarganmiz, ammo Vatan, xalq bu xizmatni unutmas ekan. Doimo ardoqda, sharafda yashashning o‘zi yoshimga yosh qo’shib, yashartirib yuborayotgandek. Ichimda hali-hamon o‘sha askar yigit yashaydi.

Ana shunday shukronalik hissi ila hayot kechirayotgan, o‘tmish va urushdan jonli hikoyalar so’zlovchi 14 nafar surxondaryolik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bugun oramizda. Shu kuni faxrimiz bo’lmish mard, jasur otaxonlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan diltortar qo‘shiqlar esa bayram sababchilari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo’ldi deyish mumkin.

S.Murodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Bog‘cha qurilishi boshlandi

Sariosiyo tumanida maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish va bolalarni bog‘cha...

Qizlarimiz kubok sohibi

Jizzax viloyatida basketbol bo‘yicha U-17 yosh toifasidagi qizlar o‘rtasida...

Pasurxida shifokorlik punkti ish boshladi

Boysun tumanining “Pasurxi” mahallasida 50 qatnovga mo‘ljallangan yangi oilaviy...

Osiyo kubogida 7 ta oltin

Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l shahrida milliy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan...
KunTun
KunTun