Ko‘changizda mahalla faollari suhbatlar uyushtirib, kerak o‘rinda eshigingizni-da qoqib, saylov qonunchiligi, saylash borasidagi huquqlaringizni tushuntirib borayotgan bo‘lsa, demak mahallangizda mahalla raisi saylovini tashkil etish ishlari to‘g‘ri amalga oshirilayotir.
To‘g‘ri, fuqarolar yig‘ini raisi saylovida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Ular bu huquqdan foydalanishlari yoki rad etishlari ham mumkin. Bu xohish-irodaga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas. Ammo, birorta ham fuqaro unga kim bosh bo‘layotganiga befaq qaramasa kerak. Shu ma’noda olib qaraganda dahldorlik hissi ustun bo‘lsa, albatta, muhim jarayonga befarq qaramaydi.
O‘z navbatida Termiz shahridagi “Baynalminal” mahallasida saylov jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazishda faollik ko‘rsatayotgan ishchi guruh vakillari mahalla ahlini ayni shu dahldorlik hissi bilan faol bo‘lishga chorlamoqda.
Biz ham saylovoldi jarayoni qanday tashkil etilganiga qiziqib, ushbu mahalladagi holat bilan tanishdik. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya shu mahallada doimiy yashovchi faol, tajribali va hurmatga sazovor bo‘lgan 13 nafar vakildan tashkil topganiga guvoh bo‘ldik. Komissiya raisi Mayram Boykeldiyeva mahallaning kayvoni onasi. Opa boshchiligidagi ishchi guruh targ‘ibot-tashviqot ishlarini uyushqoqlik bilan olib borayotgan ekan.
—Aytish kerakki, mahallada aholi soni 2 885 nafarni tashkil etadi, — deydi mahalla faoli M.Boykeldiyeva. — Shulardan 927 nafari ayol, 1 171 nafari esa yoshlar. Ularning har biri bilan ko‘rishib, suhbat olib bordik. Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi boshlangani haqida xabar berish bilan ishni boshladik va saylovda faol bo‘lishlarini so‘radik. Qanday inson mahallasiga bosh bo‘lishini istashi haqida ham fikrlarini o‘rgangan holda nomzodlarni tanlab oldik. Nomzodlar bilan suhbatlashganda ham ular taklifimizga “labbay” deya javob berib, o‘z nomzodlarini qo‘yishga rozi bo‘ldilar.
Saylovchilik borasidagi qonun va qarorlar saylov jarayonlarini ochiq va shaffof tarzda tashkil etish va o‘tkazishda dasturil amal bo‘lib xizmat qiladi. Shu maqsadda ishchi guruh vakillari saylov bo‘yicha o‘tgan muddat ichida fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borayapti. Hovlilar, ko‘chalar va uylarda bo‘lib, saylov qonunchiligi, fuqarolarning huquq va majburiyatlari haqida tushuncha berishayotir. Bahs-munozara, savol-javoblardan ko‘rib va anglash mumkinki, odamlar o‘z huquqini, qonunlarni yaxshi biladi. Shunga yarasha bo‘lajak raisning jihatlari, unga qo‘yiladigan talablar haqida qat’iy qarorlarini aytishmoqda.
—Bugungi dolzarb muammolardan biri ishsizlik, — deydi “Baynalminal” MFY fuqarosi Oyro‘zi Sa’diyeva. — Ishsizlikka barham beradigan, tashabbus va loyihalari bilan mahalla ahlini birlashtirib, boy qiladigan rais saylansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Xalq dardi va tashvishi haqida qayg‘uradigan insongina mahallaga naf keltiradi.
—Mahallamiz faollari tez-tez aholi bilan suhbatda bo‘lib, tushuntirish ishlarini olib borishyapti, — deydi shu mahallada yashovchi Pardaxol Safarova. — Fikrimiz bilan qiziqib, aynan biz tavsiya qilgan nomzodlar qo‘yilganiga rosti quvondik. Shu paytgacha saylov nomigagina o‘tkazilsa kerak deb o‘ylardim. Yoshi ulug‘ insonlarning eshikma-eshik yurishidan bilyapmanki, jarayon jiddiy, mas’uliyat yuki bor. Maynavozchilik uchun shuncha inson o‘z huzur-halovatidan kechib yurmasdi. Men ham saylovda faol ishtirok etaman va munosib nomzodni tanlayman.
Saylov muhim jarayon. Saylovoldi ishlarida faollik ko‘rsatayotgan, uzoq yillar moliya tizimida rahbar lavozimlarida mehnat qilgan Maysara Mengliboyeva ham bor. Uning o‘tkir fikrlari Mayram Boykeldiyevaning aytganlarini to‘ldiradi. Mahalla tizimida mehnati va xizmati singgan sobiq mahalla raisi Juma bobo ham fuqarolarni saylovni shaffof va odilona o‘tkazishga chorlayapti.
Ha aytgancha, saylovga 10 kun qolganda nomzodlar tanishtiriladi, 5 kun qolganda esa nomzodlar haqidagi ma’lumot va surati tushirilgan bukletlar tarqatilib, plakatlar ko‘chalarga ilib chiqiladi. Ayni paytda shu kabi tashkiliy ishlar bo‘yicha ham harakatlar davom etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlari risoladagidek tashkil etilgan. Faqatgina o‘z ishida sobitqadam, xalq manfaatini ko‘zlab ish tutadigan munosib nomzodni saylash qolgan xolos.
Sayyora ALLAYEVA