Sport insonni mard va jasur, chiniqqan va fikri teran qilib tarbiyalash barobarida, uning nomini elga tanitadi. Shu bilan bir qatorda, dunyoda davlatning borligini belgilab beruvchi, shon-shavkatini yuqoriga ko‘taruvchi vositalardan biri bevosita sport ekanligi barchamizga ayon.
Boksdanmi, kurash, dzyudo deysizmi, bularning barida kuraklarni yerga tekkizuvchi alplarimiz bilan faxrlana olamiz. Vohada yana bir yangi sport turi ham rivojlanganki, unda ham yangi zafarlar qayd etilayotir. “Shotakan karate-do” nomi tugul unda qanday jarayonlar kechishi, bu qanday sport turi ekanini yaxshi bilmaydiganlar ham bor, albatta. Lekin allaqachon ushbu sportda yuqori marralarni zabt etib, yurt tug‘ini hilpiratayotganlar ham qancha.
23-24 aprel kunlari sportning “Shotokan karate-do” turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionatda Sariosiyo tumanidan Fayz klubi sportchilarining 18 nafari munosib ishtirok etib 8 nafari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
8-9 yoshli sporchilar o‘rtasida Nurmuhammad Bo‘riqulov 2-o‘rin, 10-11 yosh doirasida Davron Hayitaliyev 1-o‘rin, 12-13 yoshlilar orasida Mehriniso Narzullayeva 3-o‘rin, 14-15 yoshli sportchilar o‘rtasida Sug‘diyona Ibodullayeva 1-o‘rin, 16-17 yoshlilar o‘rtasida esa Shabnam Tursunova 1-o‘rin, Moxinur Xudoyorova 1-o‘rin hamda Omil Jo‘raqulovlar 2-o‘rinlarni, Shoxruh Rahmatullayev esa 3-o‘rinni egallab, mashqlarda olgan ilmini, murabbiylar sabog‘ini oqlay oldi. Tumandagi sportga e’tiborni yana bir bor ko‘rsata olgan yosh sportchilar quchgan zafari diplom hamda medallar shodasi bilan taqdirlandi.
Haqgo‘y